• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

JAHON BANKI BILAN HAMKORLIKDA GЕNDЕR BAHOLASH NATIJALARI TAHLIL QILINDI

2023-yilning 13-aprel kuni Toshkent shahridagi «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda Jahon banki hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining gender baholash natijalariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Oliy Majlis Senati a’zolari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ekspertlari, Jahon banki iqtisodchi va mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda mamlakatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar hamda Jahon banki tadqiqoti natijalari tahlil qilindi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva o‘z nutqida gender tenglikni ta’minlash borasida qator normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinayotganligi, xususan milliy qonunchilikka «genderga oid audit» tushunchasi kiritilganligini e’tirof etdi.

Ta’kidlash joizki, kuni kecha Prezident tomonidan ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan Qonun imzolandi.

Qonun bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qat’iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda, bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Bugungi kunda davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Natijada, qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortdi. Ularning boshqaruv lavozimidagi ulushi 33 foiz, tadbirkorlik sohasida 37 foiz, siyosiy partiyalarda 46 foiz, oliy ta’limda 48 foizga yetdi. Tashabbuskor va faol ayollardan 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, qonunchilikka kiritilgan bu kabi o‘zgartirishlar, ayni kunlarda umumxalq referendumi uchun e’lon qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham muhrlab qo‘yilmoqda. Jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, 42-moddada homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi deya belgilanmoqda.

Tadbir yakunida mahalliy mutaxassislar hamda xalqaro eskpertlar ishtirokida bu kabi tadqiqot ishlarini izchil davom ettirish, to‘plangan ma’lumotlar asosida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirib borishga kelishib olindi.

 

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati