• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZDA QATAR MILLIY AXBOROT AGЕNTLIGI JURNALISTLARI BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI

2023-yilning 22-may kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Qatar Milliy axborot agentligi delegatsiyasi a’zolari Yusuf Axmad as-Sayyid va Muxammad al-Hodiy bin Abduraxmon Karmuslar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida, Eldor Tulyakov qatarlik jurnalistlarni Markaz faoliyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan so‘z erkinligi, ochiqlik siyosatini amalga oshirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar va erishilgan natijalar bilan tanishtirib o‘tdi.

– Mamlakatda 2017–2021-yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi davomida O‘zbekistonning Arab davlatlari bilan hamkorligi yangi bosqichga chiqdi, buni oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi, o‘zaro savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning rivojlanganligida ham ko‘rish mumkin. Xususan, bugungi kunda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida energetika, urbanizatsiya, qurilish, logistika va turizm kabi sohalarda jadal hamkorlik qilib kelinmoqda, – dedi E.Tulyakov. – Shu bilan birga, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategisida ham ushbu hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga oid bir qator maqsadlar belgilangan. Jumladan, an’anaviy hamkorlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda BAA, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Qatar, Misr kabi arab davlatlari bilan iqtisodiy diplomatiya, madaniy-gumanitar hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘z navbatida, qatarlik jurnalistlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishib borish ularda ijobiy taassurot qoldirayotganligini, ayniqsa Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar katta qiziqish uyg‘otganligini qayd etib o‘tishdi.

Shuningdek, muloqot yakunida tomonlar hamkorlikda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga oid maqola va ma’lumotlar bilan Arab davlatlari fuqarolari va jamoatchiligini muntazam tanishtirib borish yuzasidan ham o‘zaro fikr almashishdi.

 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati