• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

AQSH KONGRЕSSIDA ILK BOR «O‘ZBЕKISTON KUNI» O‘TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasi va Amerika Kongressidagi «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» tomonidan birgalikda «O‘zbekiston kuni» tashkil qilindi.

AQSH Kongressida bo‘lib o‘tgan tadbirda Texaslik kongressmen Pit Seshns, G‘arbiy Virjiniyalik kongressvumen Kerol Miller, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) Osiyo byurosi administratori yordamchisining o‘rinbosari Anjali Kaur, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Jahon bankining Yevroosiyo bo‘yicha ijrochi direktori Dominik Favre, shuningdek nufuzli kongress a’zolarining qator stafferlari, Vashingtondagi diplomatik korpusi, ekspertlar hamjamiyati, nufuzli ishbilarmon doiralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Ikki tomonlama hamkorlik tarixida ilk bor o‘tkazilgan mazkur tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovlar O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati, uning demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakatni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlashdagi o‘rni haqida ishtirokchilarga ma’lumot berishdi.

O‘z navbatida, tadbir qatnashchilari O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash, so‘z erkinligini himoyasini aks ettiruvchi Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinganini olqishlashlarini ta’kidlashdi.

Yangi Konstitutsiyada inson huquqlari, mulk kafolati va xorijiy sarmoyalarni himoya qilish yanada mustahkamlangani ham aytib o‘tildi. Ishtirokchilarning fikricha, O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida biznes uchun mustahkam va shaffof qonunchilik bazasi hamda qulay investitsiviy muhit shakllantirildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar yuksak baholandi. Ishtirokchilar 2016-yildan boshlab O‘zbekistonda savdo-sotiqni rivojlantirish va butun Markaziy Osiyoda barqarorlik yaratishga xizmat qiluvchi fundamental islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi. Yurtimizdagi keng qamrovli iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlar mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevorga aylangani e’tirof etildi.

Suhbatlarda O‘zbekiston–AQSH strategik sheriklikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Tadbir davomida Kongress a’zolari ikki tomonlama munosabatlar tobora yangi mazmun bilan to‘ldirilib, strategik hamkorlik mustahkamlanib borayotganiga urg‘u berishdi. «Qadimgi Ipak yo‘lining muhim chorrahasi sifatida O‘zbekiston AQSHning kuchli savdo sherigi bo‘lishi mumkin va bo‘lishi kerak», – dedi tadbir qatnashchilari.

Shu bilan birga, ishtirokchilar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun AQSH Kongressi a’zolarini «Jekson-Venik» qo‘shimchalarini qo‘llashni tugatishga chaqirishdi. Ularning fikricha, bu «eskirgan tuzatishni bekor qilish o‘zaro savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirishga olib keladi».

AQSH davlat va nodavlat tashkiloti vakillari so‘zga chiqishar ekan, ular O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi. Ular ko‘proq sarmoya jalb etish, iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladigan mintaqaviy infratuzilmalarni kengaytirish maqsadida hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etishdi.

Umuman olganda, Kapitoliy tepaligida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekistondagi ichki o‘zgarishlar va mamlakatning Markaziy Osiyodagi geostrategik roliga qiziqish ortib borayotgani namoyon bo‘ldi.

 

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati