• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

TURKIYANING BALIKЕSIR SHAHRIDA UCHINCHI XALQARO SIMPOZIUM O‘Z ISHINI BOSHLADI

2023-yilning 20–22-iyul kunlari Turkiyaning Balikesir shahrida «Madaniy va tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish» mavzusiga bag‘ishlangan ma’muriy huquq va ma’muriy yurisdiksiya bo‘yicha uchinchi xalqaro simpozium o‘z ishini boshladi.

Ham onlayn, ham offlayn formatda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro simpozium Balikesir universiteti, Istanbul universitetining yuridik fakulteti huzuridagi ma’muriy huquq, fan va ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Istanbul tijorat universiteti, Toshkent moliya instituti va Toshkent iqtisodiyot universiteti, Boku davlat universitetining yuridik fakulteti, Ozarbayjon davlat bojxona qo‘mitasi Akademiyasi, L. N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti, al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti kabi qator xalqaro oliy o‘quv yurtlari ko‘magida tashkil etildi.

Xalqaro simpoziumdan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu – ma’muriy huquq va ma’muriy yurisdiksiya sohasidagi yangi yutuqlar to‘g‘risida ilmiy munozaralar o‘tkazish va ma’lumot almashish uchun maydon yaratishdan iborat.

Simpoziumda ma’muriy huquq va ma’muriy yurisdiksiya sohasida tajribaga ega bo‘lgan ilmiy xodimlar va tadqiqotchilar, shuningdek amaliyotchilar ham ishtirok etishmoqda.

Xalqaro simpoziumning ochilish qismida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ma’ruzachi O‘zbekistonda madaniy meros obyektlari muhofazasiga doir davlat siyosati, bu boradagi qonunchilik va amaliyotga to‘xtalib o‘tib, ishtirokchilarni madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, kelajak avlodga bus-butun yetkazish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar bilan tanishtirib o‘tdi.

– Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Jahon sivilizatsiyasining ilm-fan, madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, o‘zining boy milliy davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan mamlakatlardan biri sanaladi, – dedi E.Tulyakov. – Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda 2023-yil 1-yanvar holatiga 8 210 ta madaniy meros obyekti mavjud bo‘lib, ulardan 209 tasi YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston bo‘yicha arxeologiya yodgorliklari soni 4 748 ta, arxitektura yodgorliklari soni 2 252 ta, monumental san’at yodgorliklari 678 ta, diqqatga sazovor joylar soni 532 tani tashkil qilmoqda.

Albatta, mamlakatimizda mavjud tarixiy-me’moriy obidalar, ziyoratgohlar, yodgorliklar va qadamjolarni saqlash, obodonlashtirish ularni kelajak avlodga bezavol yetkazib berish borasida mustahkam qonunchilik bazasi shakllantirilgan va u doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

O‘zbekiston xalqining umummilliy boyligi bo‘lmish madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida»gi, «Muzeylar to‘g‘risida»gi, «Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Moddiy madaniy meros obyektlari va YUNЕSKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» shular jumlasidandir.

Ta’kidlash joizki, madaniyat obyektlarini asrab-avaylash haqida so‘z borganda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tarixiy-madaniy merosni saqlab qolish bilan bog‘liq ishlarda jamiyatning fuqarolik pozitsiyasi sezilarli darajada o‘sdi. Xususan, mamlakatda fuqarolik jamiyati shakllanishining umumiy ko‘rsatkichi bo‘lgan jamoatchilik nazorati kuchaydi. Eng muhimi, mamlakatda moddiy madaniy merosni asrash va undan oqilona foydalanishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar va fuqarolarning ishtiroki ham ancha faollashdi.

Uchinchi xalqaro simpozium o‘z ishini davom ettirmoqda.

 

«Taraqqiyot strategiyasi»
Axborot xizmati