• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

«O‘ZBЕKISTON – 2030» STRATЕGIYASI NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTLARI ISHTIROKIDA MUHOKAMA QILINDI

2023-yilning 7-avgust kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbati keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni va qarori loyihalarini respublikadagi faol nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

 Ta’kidlandiki, kelgusi 7 yilda mamlakatimizning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan bo‘lib, unda 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan.

Ishtirokchilar tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalarida muddatlar va ijrochilar kesimidagi amaliy vazifalar, erishiladigan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar va strategiyani amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanayotgani e’tirof etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda ishtirokchilarga «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yo‘nalish va maqsadlari aks ettirilgan infografikalar to‘plami ham taqdim etildi.

Davra suhbati davomida Strategiyani amalga oshirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha, jumladan tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, kambag‘allikni 2 barobarga kamaytirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, mahalla budjeti tizimini to‘liq ishga tushirish, davlat xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, respublika hududininng yashillik darajasini 30 foizga yetkazish kabi qator maqsadli ko‘rsatkichlar muhokama qilindi.

Shu o‘rinda, aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilardan loyihalar muhokamasida faol ishtirok etib, o‘z takliflarini regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallariga yuborishlari mumkinligi qayd etildi.

 

 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati