• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

O‘QUVCHILAR ISHTIROKIDA «O‘ZBEKISTON – 2030» STRATEGIYASINING MAZMUN-MOHIYATIGA BAG‘ISHLANGAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan qator vazirlik, tashkilot va idoralar hamda taʼlim muassasalarida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mazkur taʼlim muassasasining rahbariyati, pedagog-xodimlari hamda 300 nafarga yaqin o‘quvchilar ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari kelgusi yetti yilga mo‘ljallangan, mamlakat rivojlanishiga xizmat qiladigan muhim hujjatning barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha ustuvor maqsad-vazifalariga to‘xtalib, jumladan, Strategiyada yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid belgilangan vazifalarga eʼtibor qaratdi.

Taʼkidlandiki, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida taʼlim islohotlarini izchil davom ettirish, xususan, umumiy o‘rta taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qator vazifalar belgilangan.  Jumladan:

  • 700 ga yaqin nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar va mobil ilovalar yaratish.
  • Yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun 1 000 ta multimedia dasturlarini yaratish.
  • Taʼlim tashkilotlariga har yili 500 nafar «til egalari» bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish.
  • Barcha umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslarini joriy etish.
  • Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning taʼlim metodikasini barcha umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining o‘quv jarayonlariga joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, strategiyada tarbiyachi va o‘qituvchilarni xorijga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy o‘rta taʼlim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2 barobar oshirish, ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar va olis hududlardagi abituriyentlar uchun pedagogik taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni to‘liq davlat granti asosida tayyorlash tizimini joriy qilish belgilangan.

Muloqot davomida "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida yoshlarga oid yangi maqsadlarning belgilanganidan o‘quvchilarning xabardorligini oshirish ularning o‘qish jarayonlariga yanada masʼuliyat bilan yondashishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek,  tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan mazkur strategik hujjatni tasdiqlashga oid Prezident Farmoni hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023 yilda amalga oshirishga oid qabul qilingan Prezident qarorining mazmun mohiyati batafsil tushuntirildi.

Yakunda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan maqsadlar va ularning samaradorlik ko‘rsatkichlariga oid o‘quvchilar tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi.
 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati