• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

O‘ZBEKISTON DELEGATSIYASINING GERMANIYAGA XIZMAT SAFARI DAVOM ETMOQDA

Avval xabar qilganimizdek, ayni kunlarda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi xizmat safari bilan Germaniya Federativ Respublikasi(GFR)da bo‘lib turibdi.

U yerda  federal va mahalliy vakillik hamda ijroiya organlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mahalliy boshqaruv bo‘yicha ilg‘or nemis tajribasi o‘rganilmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri 7 noyabr kuni Berlin shahrida GFR Bundestagining “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi Oygen Shmidt va uning hamkasblari ishtirokida o‘tkazildi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya haqida maʼlumot berildi. Muloqotda yangilangan Konstitutsiyadagi demokratik o‘zgarishlar, jumladan, inson huquq va erkinliklarining kafolatlanishi, siyosiy plyuralizm, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini takomillashtirish, saylov tizimiga majoritar va proporsional saylov mexanizmlarini joriy qilishga doir o‘zgarishlar, umuman olganda mamlakatda nomarkazlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida fikr almashildi.

Shu kunning o‘zida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari Berlin federal yeri Uy-joy fondi, qurilish va shaharsozlik taraqqiyoti vazirligining Uy-joy loyihalari Departamenti rahbari Lars Lobner bilan ham uchrashdi.

Muloqot davomida nemis tomoni Berlin shahrining boshqaruv tizimi haqida maʼlumot berib, jumladan, shaharga doir qarorlarning qabul qilinishida vakillik organining roli, federal qonunchilik hamda Yevropa Ittifoqi direktivalarining o‘rniga to‘xtalib o‘tdi. Bundan tashqari, uchrashuv davomida Berlin shahrini kelgusi yillarda rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot ham namoyish etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillarining Germaniyaga safari YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ko‘magida tashkil etilmoqda.
 

 “Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati