• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

AT “ALOQABANK” XODIMLARI “OʻZBEKISTON — 2030» STRATEGIYASI MAZMUNI BILAN TANISHTIRILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi joylarda “Oʻzbekiston — 2030» strategiyasining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan tadbirlarni davom ettirmoqda. Bunday uchrashuvlar respublikaning turli hududlarida, shuningdek, qator vazirlik, idora va tashkilotlar hamda taʼlim muassasalarida tashkil etilyapti.

Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi AT “Aloqabank”ning bosh ofisida oʻtkazildi. Unda moliya muassasasi rahbariyati va xodimlari qatnashishdi. Gibrid shaklda boʻlib oʻtgan tadbirga joylardagi “Aloqabank” filiallari xodimlari onlayn ishtirok etdi.

Dastlab tadbir qatnashchilariga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi va mazkur hujjatni tasdiqlashga oid Prezident farmoni, shuningdek, Strategiyaning ustuvor yoʻnalish va maqsadlari haqida batafsil maʼlumotlar berib oʻtdi.

Maʼlumki, “Oʻzbekiston — 2030» strategiyasining Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash deb nomlangan ikkinchi ustuvor yoʻnalishidan iqtisod va moliya sohasiga oid, xususan, bank tizimida islohotlarni jadallashtirish, bank xizmatlari bozori hajmini oshirish va sohada raqobatni rivojlantirish maqsadlari ham oʻrin olgan. Strategiyaning ushbu maqsadlariga erishish bevosita bank xodimlari faoliyati bilan bogʻliqligi uchun bu borada belgilangan vazifalarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, Strategiyada bank va moliya tizimida yillik kreditlash hamda bank omonatlari hajmini oshirish, banklarni xususiylashtirish, bank bozoriga 4 ta yirik nufuzli chet el bankini jalb qilish, kamida 3 ta tijorat bankida islom moliyasi mezon va tartiblarini joriy etish, uning qonuniy asoslarini shakllantirish kabi vazifalar belgilangan.

Muloqot jarayonida bank xodimlari Strategiya va uni amalga oshirish borasida fikrlar bildirishdi. Markaz ekspertlari tomonidan tadbir qatnashchilarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.
 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati