• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

Yoshlar yetakchilari “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va uni amalga oshirishga doir ustuvor vazifalar bilan tanishtirildi

15-17 yanvar kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Respublika hududlaridan saralangan Yoshlar yetakchilarini rahbarlikka tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv-amaliy seminar oʻtkazilmoqda. Oʻquv mashgʻulotlarida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.

Seminar davomida Markaz ijrochi direktori tinglovchilarni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va uni amalga oshirishga doir ustuvor vazifalar bilan tanishtirdi. Ayniqsa, Strategiyada belgilangan Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga doir maqsad va vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, taʼkidlanganidek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida hududlardagi yoshlarning zamonaviy kasblar bilan mashgʻul boʻlishini taʼminlash uchun har bir viloyatda 1 tadan “Kreativ park”lar faoliyatini tashkil etish, ularga yiliga 40 ming nafar yoshlarni jalb qilish, maktab bitiruvchilarini esa kamida 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb egallashini taʼminlash belgilangan.

Oʻz navbatida, mazkur yoʻnalishdagi islohotlarni amalga oshirishda bevosita hududlarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilarining oʻrni katta. Shu maʼnoda mamlakatning keyingi yetti yillik taraqqiyot yoʻlini oʻzida aks ettirgan Strategiyaning mazmun-mohiyatini chuqur anglash bugun rahbarlikka tayyorlanayotgan yoshlar yetakchilarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi bilimlarini oshirish, milliy qadriyatlarini shakllantirish hamda shaxsiy va boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
 Axborot xizmati