• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT DASTURI LOYIHASI OLIY TAʼLIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGIDA MUHOKAMA QILINDI

2024-yilgi Davlat dasturi loyihasi boʻyicha tashkil etilgan navbatdagi jamoatchilik muhokamasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari uchun “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari Avazbek Xаlbekov hamda Anvarjon Mirkаmilov tomonidan Davlat dasturi loyihasi boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.

Markaz ekspertlari ishtirokchilarga “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni loyihasida belgilanayotgan vazifalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlandiki, 2024-yilgi davlat dasturi loyihasida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish, nodavlat va respublikada faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida davlat grantlari boʻyicha kadrlar tayyorlash oʻrnini 1200 taga yetkazish (20% ga oshirish), Xalqaro nufuzli reyting agentliklari ekspertlari ishtirokida respublika oliy taʼlim tashkilotlari reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha master-klass, seminar-treninglar oʻtkazish, taʼlim tizimini xalqaro mehnat bozoridagi oʻzgarishlar, texnologik jarayonlarga mos tashkil etish, oliygohlardagi taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, hamkor universitetlar bilan 10 ta qoʻshma taʼlim dasturi asosida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish kabi oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qator vazifalar nazarda tutilmoqda.

Shuni hisobga olgan holda 2024-yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamalarida oliy taʼlim tashkilotlari professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar, tadqiqotchilar, ilmiy salohiyatli kadrlar hujjat loyihasini yanada takomillashtirish boʻyicha taklif va tashabbuslarni bildirishda faol boʻlishlari maqsadga muvofiq ekanligi alohida taʼkidlandi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar ham Markaz ekspertlari tomonidan qayd etib olinib, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati