• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

VENGRIYALIK HAMKORLAR OʻZBEKISTONDAGI ISLOHOTLAR BILAN YAQINDAN TANISHTIRILDI

Avval xabar berganimizdek, mart oyining ilk kunlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi amalga oshirildi. Delegatsiya tarkibida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ham ishtirok etdi.

Tashrif doirasida Vengriya tomoni bilan uch kun davomida turli tadbirlar, xususan, davra suhbatlari, ikki tomonlama uchrashuv va muloqotlar oʻtkazilib, ularda asosiy eʼtibor Oʻzbekiston va Vengriya, shuningdek Yevropa Ittifoqi munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni muhokama qilish, manfaatli sohalarda oʻzaro tajriba almashish masalalariga qaratildi.

Ana shunday tadbirlardan biri 2-mart kuni Lakitelek shahrida Oʻzbekiston delegatsiyasining Vengriya Milliy Assambleyasi vitse-spikeri Shandor Lejak bilan uchrashuvi boʻldi. Unda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ikki davlat oʻrtasidagi strategik munosabatlar, shuningdek Yevropa Ittifoqi bilan aloqalar joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Shu kunning oʻzida Lakitelek shahrida joylashgan Vamberi Armin kolleji talabalari bilan ham uchrashuv oʻtkazilib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari haqida maʼruza qilindi. Tadbir davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, uning mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlardagi ahamiyati haqida maʼlumot berdi.

Samimiy va doʻstona oʻtgan muloqotlar davomida vengriyalik hamkorlar mamlakatimizda kuzatilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni eʼtirof etishib, oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini mamnuniyat bilan maʼlum qilishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati