• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

HUQUQNI MUHOFAZA QILISH AKADEMIYASI TINGLOVCHILARI “OʻZBEKISTON-2030” STRATEGIYASI BILAN TANISHTIRILDI

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi qonun ustuvorligini taʼminlash kafolati” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov prokuratura organlari xodimlari, akademiya professor-oʻqituvchilari hamda talabalariga Strategiyaning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berdi.

Davra suhbatida “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimidagi islohotlar, konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini taʼminlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaatlari va qadr-qimmatini himoya qilishga yoʻnaltirishga qaratilgan muhim vazifalarga toʻxtalib oʻtildi.

Jumladan, Strategiya boʻyicha keyingi yetti yil ichida qonunchilik hujjatlarini maqbullashtirish natijasida tartibga solish yukini kamida 30 foizga qisqartirish, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish, ularning ulushini kamida 60 foizga, normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining samarali monitoringi qamrovini 100 foizga yetkazish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning aniq chegaralarini belgilash orqali ularning sonini keskin qisqartirish vazifalari belgilanganligi taʼkidlab oʻtildi.

Tadbir yakunida akademiya talabalari mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarga oid oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Shundan soʻng, Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov bilan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyatining uchrashuvi tashkil qilindi. Muloqot jarayonida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.

Unga koʻra, kelgusida “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish jarayonida ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, qonunchilikni va yagona huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha xulosa va tavsiyalarni shakllantirish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida oʻzaro hamkorlik masalalari yuzasidan kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati