• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ADLIYA VAZIRLIGIDA “OʻZBEKISTON — 2030” STRATEGIYASI VA DAVLAT DASTURI MUHOKAMASIGA OID TADBIR BOʻLIB OʻTDI

Joriy yilning 1-iyul kuni Adliya vazirligida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ishtirokida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi hamda 2024-yilgi davlat dasturi muhokamasi yuzasidan tadbir oʻtkazildi. Unda Adliya vazirligi rahbariyati, vazirlikning markaziy apparati hamda hududiy boshqarma xodimlari ishtirok etdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan tadbir qatnashchilari uchun “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi va 2024-yilgi davlat dasturining mazmun-mohiyati, ustuvor yoʻnalish va maqsadlari, ularni samarali amalga oshirish koʻrsatkichlari boʻyicha taqdimot oʻtkazilib, vazirlik xodimlariga Markaz tomonidan tayyorlangan risola hamda tarqatma materiallar taqdim qilindi.

Shuningdek, tadbir davomida tizim xodimlariga “uzbekistan2030.uz” onlayn portali, uning asosiy vazifa va imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi. Taʼkidlandiki, ushbu platforma orqali aholi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi hamda har yili mazkur hujjat asosida qabul qilinadigan Davlat dasturlarining amalga oshirilishi va natijadorligini muntazam kuzatib borishi hamda oʻz taklif, munosabatlarini bildirishi mumkin.

Tadbir davomida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijro holatini hamda Strategiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga samarali erishishni nazorat qilishda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati