• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT SOLIQ QOʻMITASIDA STRATEGIYA VA DAVLAT DASTURI MUHOKAMASIGA OID TADBIR OʻTKAZILDI

Xabar berib borayotganimizdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ishtirokida qator vazirlik, idora va tashkilotlarda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va 2024-yilgi Davlat dasturi muhokamasiga oid tadbirlar oʻtkazilmoqda. Shu mazmundagi navbatdagi uchrashuvlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasida ham tashkil etildi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Avazbek Xalbekov “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi, unda belgilangan ustuvor yoʻnalish va maqsadlarning mazmun-mohiyati haqida ishtirokchilarga taqdimot qildi. 2030-yilgacha ijrosi taʼminlanishi koʻzda tutilgan vazifalar, har bir jabhada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan tushuntirishlar berdi.

Jumladan, Markaz eksperti “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida soliq sohasiga oid belgilangan vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, hujjatga koʻra, “Yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish orqali soliq bazasini qoʻshimcha kengaytirish imkoniyatidan foydalanish, markirovkalash va raqamlashtirish tizimi samarasini oshirish va kengaytirish orqali soliq maʼmurchiligi tizimining samaradorligini yanada oshirish, soliq tizimining barqarorligini taʼminlash maqsadida biznes uchun qoʻshilgan qiymat va foyda soliq stavkalari uch yil davomida oshirilmasligini kafolatlash, shuningdek, soliq tizimini toʻliq raqamlashtirish, soddalashtirish va barcha tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, rasmiy sektor – nolegal faoliyatdan afzal va manfaatli boʻlishi uchun barcha zarur sharoitlarni taʼminlash kabi aniq vazifalar ijrosi nazarda tutilganligi taʼkidlandi.

Tadbir davomida ushbu vazifalar ijrosi ustidan olib borilayotgan monitoring natijalari tahlil qilinib, belgilangan chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

Shuningdek, Strategiyaga muvofiq joriy yilda amalga oshiriladigan islohotlarda davlat idoralari bilan bir qatorda keng jamoatchilikning faol ishtiroki zarur ekanligi qayd etilib, maqsad va vazifalarni aholiga oʻz vaqtida tushuntirib borish xususida fikr almashildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati