• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“OʻZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASI VA DAVLAT DASTURI MUHOKAMASIGA OID TADBIRLAR OʻTKAZILMOQDA

Ayni kunlarda Respublikamiz viloyatlarida, xususan, qator vazirlik, idora va tashkilotlar, taʼlim muassasalarida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va 2024-yilgi Davlat dasturi muhokamasiga oid tadbirlar tashkil etilyapti. Mazkur tadbirlarda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari Strategiya va Davlat dasturining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan taqdimotlar bilan ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda “Oʻzarxiv” agentligida Strategiya va Davlat dasturi muhokamasiga bagʻishlangan muloqotlar oʻtkazildi.

Tadbirlarda 5 ta ustuvor yoʻnalish doirasida 100 ta maqsadga erishishga qaratilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizning yaqin kelajakdagi asosiy rivojlanish yoʻnalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat hisoblanishi taʼkidlanib, uning har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash, suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish hamda mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlari haqida soʻz bordi.

Muloqotlar jarayonida Strategiyaning mazmun-mohiyatidan har bir davlat xizmatchisi toʻliq xabardor boʻlishi, uni chuqur anglashi, olib borayotgan ish faoliyati mazkur hujjatda belgilangan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha maqsadlarga hamohang boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, tadbirlarda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosiga alohida eʼtibor qaratilib, uzbekistan2030.uz portalining imkoniyatlari haqida maʼlumotlar berildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati