• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XALQARO HAMKORLIK TASHABBUSLARI HAFTALIGI DOIRASIDA INSON HUQUQLARINI TAʼMINLASH BORASIDAGI ISLOHOTLAR MUHOKAMA QILINDI

2024-yilning 17-25-oktyabr kunlari Toshkentda Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi boʻlib oʻtmoqda. Haftalik doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlarning dastlabkisi “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusiga bagʻishlandi.

Ikki sessiyada oʻtkazilgan anjumanda davlat organlari masʼullari, xorijiy va milliy ekspertlar, tajribali huquqshunoslar Oʻzbekistondagi demokratik islohotlarning yangi bosqichi doirasida saylovlarning ahamiyati, saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularning amaldagi samaradorligini muhokama qilishdi.

Taʼkidlash kerakki, sessiyalar davomida AQSH, Polsha, Irlandiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Turkiya va Qozogʻiston kabi davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonda saylov qonunchiligi va huquq sohasida amalga oshirilgan ishlar, ilgʻor tajribalar va amaliy yechimlarni eʼtirof etdi.

Konferensiyaning “Oʻzbekistondagi demokratik islohotlarda vakillik organlarining modernizatsiyasi va inson huquqlarining taʼminlanishi” mavzusiga bagʻishlangan sessiyasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etib, Oʻzbekistonda mazkur yoʻnalishda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan huquqiy islohotlar, erishilgan natijalar, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida inson huquqlari va qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan aniq maqsadlar haqida gapirdi.

Jumladan, Markaz rahbari “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida barcha uchun sifatli taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash, ijtimoiy himoya qilish tizimi bilan muhtojlarni toʻliq qamrab olinishiga erishish, gender tenglikni taʼminlash siyosatini davom ettirish, jamiyatda bolalar va xotin-qizlarga tazyiq va zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha belgilangan vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

Sessiyada, shuningdek, Oʻzbekistondagi demokratik oʻzgarishlar boʻyicha xalqaro ekspertlarning tahlillari taqdim etilib, inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.

Eslatib oʻtamiz, haftalik doirasida tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat, vazirlik va idoralar tomonidan 300 dan ortiq xorijiy hamkorlar bilan birgalikda 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbatlari va amaliy muloqotlar oʻtkaziladi. Xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasida qarorlar qabul qilish hamda tegishli bitimlarni imzolash rejalashtirilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati