• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTONDA SOʻZ ERKINLIGINI TAʼMINLASH BORASIDAGI ISLOHOTLAR MUHOKAMA QILINDI

Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Oʻzbekistonda soʻz erkinligi va OAV, ijtimoiy tarmoqlarning keng rivojlanishi – demokratik qadriyatlarni kengaytirish yoʻlida” mavzusida xalqaro Forum tashkil etildi. Unda turli soha masʼullari, shu jumladan, axborot sohasining xorijiy va mahalliy ekspertlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Forum avvalida keyingi yillarda Oʻzbekistonda soʻz va matbuot erkinligini rivojlantirish, xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz bordi.

Ikki sessiyadan iborat xalqaro anjumanning “Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlashning bugungi holati: islohotlar va ularning natijalari” mavzusiga bagʻishlangan sessiyasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etib, ochiqlik siyosati, soʻz erkinligini taʼminlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining hamkorligi masalalariga toʻxtaldi.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV oʻrtasida maʼlumotlar, yangiliklar va tadqiqot natijalarini almashish fuqarolar orasida axborot tarqatishni yaxshilaydi. Bunday hamkorlik fuqarolarning islohotlar jarayonidagi faol ishtirokini taʼminlashda ham, davlat dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda ham katta ahamiyatga ega. Masalan, chekka bir hududda koʻtarilgan muammoli masala yoki namunali holat ommaviy axborot vositalarida keng yoritilsa, boshqa hududlar masʼullari oʻz vaqtida toʻgʻri xulosa chiqarishi yoki oʻrnak olishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, – dedi Eldor Tulyakov.

Shuningdek, Markaz rahbari oʻz nutqida, sohada raqamli texnologiyalar, xususan, onlayn platformalardan keng foydalanish jamiyat va davlat hayotida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda fuqarolarning shaxsiy fikr-mulohazalari, munosabatlarini tezkor bildirish imkoniyatlarini kengaytirib, ularning faol ishtirokini taʼminlashga xizmat qilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Forum davomida ekspertlar tomonidan ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ularning faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirish boʻyicha fikr va mulohazalar bildirildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati