• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

RIM SHAHRIDA OʻZBEKISTONDAGI SIYOSIY ISLOHOTLAR VA PARLAMENT SAYLOVIGA BAGʻISHLANGAN DAVRA SUHBATI TASHKIL ETILDI

Joriy yilning 23-oktyabr kuni Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Rim shahrida mamlakatimizdagi siyosiy islohotlar va boʻlajak parlament sayloviga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Ushbu tadbirda Italiyaning sobiq tashqi va ichki ishlar vaziri Vinchenso Skotti, shuningdek, parlament va davlat idoralari, aql markazlari ekspertlari, xorijiy elchixonalar, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakat siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlar toʻgʻrisida ishtirokchilarga gapirib berdi. Xususan, barcha islohotlar negizida inson manfaatlari va xalq bilan muloqot qilish ustuvor ahamiyat kasb etayotgani tilga olindi.

Taʼkidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan oliy maqsadlar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil va qatʼiy ravishda amalga oshirilmoqda. Mamlakat kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish sari intilmoqda.

Boʻlajak parlament saylovi mamlakatda inson huquqlari va demokratiya tamoyillarini yanada mustahkamlashga qaratilgan ushbu siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi ekani qayd etildi. Mazkur saylov mazmun-mohiyati toʻgʻrisida ishtirokchilarga batafsil axborot berildi.

Shuningdek, oʻtgan yili Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar, oʻrnatilgan strategik sheriklik aloqalari natijasida ikki davlat munosabatlari sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilgani va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.

Ushbu tadbirda Italiyaning sobiq tashqi va ichki ishlar vaziri Vinchenso Skotti soʻzga chiqib, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy jarayonlar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

— Oʻzbekiston bilan ishlashda yaxshi va ijobiy taassurotga egaman. Uzoq yillar avval Rimda ushbu davlat delegatsiyasi bilan ilk bor uchrashganman. Mamlakatingizdagi iqtisodiy va institutsional islohotlarni muhokama qilganmiz. Bugungi kunda Oʻzbekiston mintaqadagi turli qiyinchilik va muammolarga qaramay, ularni hal etish uchun astoydil harakat qilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda xalqning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar oʻtkazilmoqda, — dedi Vinchenso Skotti.

Italiya xalqaro tashkilotlar hamjamiyati (SIOI) prezidenti Rikardo Sessa oʻz nutqida Oʻzbekistondagi siyosiy va iqtisodiy islohotlarning tahlili hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi jadal oʻzgarishlar yuzasidan ikki davlat aql markazlari oʻrtasidagi hamkorlik muhim ekanligini bildirdi.

— Hozirda Yevropa, Bolqon va Hind-Tinch okeani mintaqasi toʻgʻrisida koʻplab tahlillar oʻtkazilmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasining geosiyosiy ahamiyatiga eʼtibor qaratishimiz lozim. Shu bois, biz diqqatimizni Markaziy Osiyoga qaratishga qaror qilganmiz va bu borada oʻtgan yili Oʻzbekiston bilan ilk hamkorligimizni boshladik, — dedi Rikardo Sessa.

Osiyo boʻyicha Italiya instituti (ISIA) geosiyosiy tahlilchisi, Siena universiteti professori Fabio Indeo “Oʻzbekiston tashqi siyosati va Markaziy Osiyodagi geosiyosiy voqeliklar” mavzuida taqdimot qildi.

Professor oʻz taqdimotida soʻnggi yillarda Oʻzbekistondagi jadal islohotlar uning tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon boʻlayotgani, xususan, xorijiy davlatlar bilan ikki va koʻp tomonlama aloqalar, avvalambor, Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstona va yaqin qoʻshnichilik tobora rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan. Soʻnggi yillarda ushbu mintaqadagi mamlakatlar oʻrtasida barcha sohalarda oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlar kuzatilmoqda.

Italiya-Oʻzbekiston savdo palatasi prezidenti Jorjo Veronezi “Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, Italiya bilan oʻzaro hamkorlik” mavzuida taqdimot qilib, soʻnggi yillarda mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar va savdo imkoniyatlari toʻgʻrisida ishtirokchilarga batafsil axborot berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, Italiya kompaniyalari metallurgiya, muqobil energetika, toʻqimachilik, charm-sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa koʻplab sohalarda hamkorlik qilishga intilmoqda.

Shuningdek, muhandislik, geologiya va qishloq xoʻjaligi taʼlim sohalaridagi oʻzaro hamkorlik ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati