• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XALQARO KUZATUVCHILAR OʻZBEKISTONDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLAR BILAN TANISHTIRILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Oʻzbekistonga Parlament saylovi jarayonlarini kuzatib borish maqsadida tashrif buyurgan oʻndan ortiq xorijiy davlat vakillari hamda xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Xususan, Turkiyaning Balikesir Universiteti rektori, professor Dr. Yujel Ogurlu, Ispaniya qoʻmitasining Pan-Yevropa Ittifoqi xalqaro raisligi kengashi aʼzosi Karlos Uriarte Sanches, Amerikaning “Caspian Policy Center” aql markazi ijrochi direktori Efgan Nifti va tadqiqotlar boʻyicha direktori Erik Rudenshold, “Toza saylovlar uchun korpus” Butunrossiya jamoat harakati raisi Alena Bulgakovalar bilan ikki tomonlama muloqotlar tashkil etildi.

Uchrashuvlar avvalida, Markaz rahbari Eldor Tulyakov mehmonlarni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, ushbu jarayonda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan olib borilayotgan jamoatchilik nazoratining oʻrni va ahamiyati bilan yaqindan tanishtirib oʻtdi.

Jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yoʻnalishlarida nazarda tutilgan maqsad va vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatida tutgan roli va oʻrnini oshirish, xalq farovonligi, tinchligi, demokratiya va inson huquqlari kafolatini taʼminlaydigan erkin jamiyat va adolatli davlat qurish hamda mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirib, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Shu bilan birga, muloqotlar davomida tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holatini tahlil qilish, kelgusida oʻzaro manfaatli sohalardagi hamkorlik doirasini kengaytirish, xususan, birgalikda qoʻshma loyihalarni joriy qilish, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish, nufuzli nashrlarda maqolalar chop etish hamda xalqaro tadbirlar tashkil etish kabi masalalar ham koʻrib chiqildi.

Oʻz navbatida, xorijlik kuzatuvchilar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda boʻlib oʻtgan saylov jarayonlari borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati