• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTON-TURKIYA STRATEGIK HAMKORLIGI VA TURKIY DAVLATLAR TASHKILOTI ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

2024-yilning 29-oktyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Turkiyaning “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi hamkorligida “Turkiy davlatlar tashkiloti va Oʻzbekiston-Turkiya strategik hamkorligi istiqbollari” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov kirish soʻzi bilan boshlab, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Turkiya parlamenti aʼzolari – “Turkiya – Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi rahbari Osman Mesten va Qodir Durmaz hamda “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi direktori Akkan Suver boshchiligidagi delegatsiya vakillarini 29-oktyabr – Turkiya Respublikasi tashkil topganligining 101 yilligi bilan qutladi.

Mazkur xalqaro davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari, “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi ekspertlari va oliy taʼlim muassasalari tadqiqotchilari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston – Turkiya strategik munosabatlarining istiqbollari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik aloqalarining joriy holati va tendensiyalari muhokama qilindi.

Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari sezilarli darajada faollashganini qayd etib oʻtdi.

– Turkiya Oʻzbekiston tashqi siyosatida muhim, alohida oʻringa ega boʻlgan, oʻziga xos mamlakat hisoblanadi. 2017-yildan beri oliy darajadagi muntazam uchrashuv va muloqotlar ikki mamlakat vazirlik va idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni oshirish barobarida, barcha sohalarda xalqlarimiz oʻrtasida oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Xususan, joriy 2024-yil 6-iyun kuni Prezidentimizning rasmiy tashrifi doirasida Anqarada Oʻzbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish toʻgʻrisida deklaratsiya imzolandi.

Tashrif doirasida 10 mlrd dollarlik yangi investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.

Shuningdek, kuni kecha 23-24-oktyabr kunlari Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozon shahriga BRIKS sammiti doirasidagi amaliy tashrifi davomida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish boʻyicha dolzarb masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston 2019-yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo boʻldi. 2022-yilda esa Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotida muvaffaqiyatli raislik qilishi hamda mamlakatda mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirokida sammitlarning samarali tashkil etilganligi Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyati va koʻp tomonlama diplomatiyasida yangi sahifa ochdi, — dedi Eldor Tulyakov.

Shuningdek, tadbirda soʻzga chiqqan Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Olgan Bekar bugungi kunda Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari yuqori darajada davom etayotganligini alohida taʼkidlab, oʻz navbatida, Markaziy Osiyo davlatlarining tobora jadallashib borayotgan integratsiyalashuv jarayonida Oʻzbekistonning munosib hissasi borligini eʼtirof etdi. Elchi oʻz nutqida mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar, xususan Turkiy davlatlar tashkiloti bilan yanada faol hamkorlik yoʻlidagi maqsadlari va barcha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Shu bilan birga, “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi direktori Akkan Suver oʻz nutqida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi samarali hamkorlik rivojiga asosiy turtki berayotgan muhim omil sifatida ikki davlat rahbarlarining doʻstona munosabatlari, muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlarning oʻrni katta ekanligini alohida taʼkidladi. Qolaversa, Turkiy davlatlar tashkilotida oʻtgan qisqa vaqt davomida Oʻzbekiston tuzilma faoliyatini yanada jonlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surayotganligi eʼtirof etildi.

Doʻstona va samarali muloqotga asoslangan davra suhbati yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, bu jarayonda ikki mamlakat yetakchi “aql markazlari” hamda xalqaro institutlar doirasida ham faol ish olib borishga kelishib oldilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati