• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZDA XALQARO KUZATUVCHILAR BILAN MULOQOTLAR TASHKIL ETILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida mamlakatimizda boʻlib oʻtgan Parlament saylovida ishtirok etgan xalqaro kuzatuvchilar Malayziya Strategik va xalqaro tadqiqotlar institute raisi Mohd Faiz Abdulla, Turkiyaning Anqara inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi “ANKASAM” direktori Mehmet Seyfettin Erol, Buyuk Britaniyaning Birmengem universiteti “Davlat boshqaruvi va taraqqiyoti” magistratura yoʻnalishi rahbari Edrian Kembell, Shvetsiyaning “CAWA Media” axborot agentligi ijrochi direktori Peter Yoxansson hamda Polshaning Xalqaro aloqalar markazi direktori Malgorjata Banikovskalar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Uchrashuvlarda Markaz rahbari Eldor Tulyakov xalqaro kuzatuvchilarni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shuningdek soʻngi yillarda xalqaro munosabatlardagi Oʻzbekistonning teng huquqlilik va ochiqlik siyosati, erishilayotgan natijalari hamda Markaz tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

Xalqaro kuzatuvchilar muloqotlar jarayonida Oʻzbekistonga qilgan tashriflari davomida muhim siyosiy jarayon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarini yaqindan kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻlganliklaridan mamnun ekanligi hamda mamlakatda boʻlayotgan ijobiy oʻzgarishlarni bevosita kuzatganliklarini eʼtirof etishdi.

Jumladan, xorijlik hamkorlar bu yilgi saylovlar jarayonida shaffoflikni taʼminlash uchun barcha saʼy-harakatlar amalga oshirilgani, fuqarolarning ovoz berishdagi faol ishtiroki, shu orqali davlat va jamiyatning birgalikda sogʻlom demokratiyani shakllantirishga intilishini ijobiy baholashdi.

Shuningdek, doʻstona muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish, jumladan qoʻshma dasturlar, loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati