• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SEMINAR: TAHLILIY FAOLIYATDA KREATIV FIKRLASH VA INNOVATSION YONDASHUVLAR

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Fridrix Ebert jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Tahliliy faoliyatda kreativ fikrlash va innovatsion yondashuvlar” mavzusida seminar-trening oʻtkazildi. 29-30-noyabr kunlari tashkil etilgan seminar mashgʻulotlarida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oʻnga yaqin aql markazlarining 30 nafardan ortiq mutaxassislari ishtirok etishdi.

Seminar-trening mashgʻulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Davlat boshqaruvi akademiyasi, shuningdek, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining tajribali mutaxassislari olib borishdi.

Trening ishtirokchilari ikki kun davomida yetakchilik, tanqidiy fikrlash, katta maʼlumotlar bilan ishlash, ularni tahlil qilish va tahliliy amaliyotni takomillashtirish uchun moʻljallangan innovatsion uslublarni oʻrganishdi.

Seminar doirasida “Yetakchilik va uning tashkilot faoliyati muvaffaqiyatidagi oʻrni”, “Katta maʼlumotlarni tahlil qilish va ularni tahliliy faoliyatda qoʻllash”, “Tahliliy markazlarda jamoaviy ishlash va loyihalarni boshqarish”, “Iqtisodiyot va jamiyatda trendlarni tahlil qilish va mavjud trendlarning turli sohalarga taʼsirini prognoz qilish usullari” kabi oʻnga yaqin mavzularga bagʻishlangan interaktiv sessiyalar, mahorat darslari va jamoa tuzish mashqlari oʻtkazildi.

Mahorat darslarida asosiy eʼtibor zamonaviy tahliliy faoliyat uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan keng koʻlamli mavzularni qamrab olish, ishtirokchilarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish, iqtisodiy tendensiyalarni prognozlash va muammolarni tezkor hal etish, katta hajmdagi maʼlumotlarni talqin qilish uchun zamonaviy vositalar va uslublardan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Aytish mumkinki, ushbu seminar-trening Oʻzbekistonning yetakchi tahliliy markazlari vakillari uchun gʻoyalar va tajriba almashish, shuningdek, kelgusida ish faoliyatlarini samarali tashkil etish, yangi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish boʻyicha foydali bilimlarga ega boʻlish imkonini yaratdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati