• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

FUQAROLIK JAMIYATI HAFTALIGI DOIRASIDA MUNOSIBLAR TAQDIRLANDI

2024-yilning 2-6-dekabr kunlari Toshkentda oʻtkazilgan Fuqarolik jamiyati haftaligi yakunida taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda faoliyati davomida jamiyatda uchrayotgan muammoli masalalarga yechim izlashda tashabbus koʻrsatib, oʻz gʻoya va takliflari bilan turli sohalar rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh ijtimoiy faollar taqdirlandi.

Jumladan, Parlament komissiyasining qaroriga muvofiq mamlakatda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan respublika va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarining bir guruh vakillariga “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni topshirildi. Ushbu mukofot bilan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ham taqdirlandi.

Shuningdek, aholi orasida ijtimoiy faollikni targʻib qilish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilgan “Oramizdagi qahramonlar” hamda “Tabiat himoyachilari” loyihalari gʻoliblari aniqlanib, ragʻbatlantirildi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonda davlat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida muhim islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etishdi. Xususan, bugungi kunda fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyat yuritayotgani, ularda 70 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgani, davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etayotgani tilga olindi.

Fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ilgari surilayotgan muhim tashabbuslar va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalar qamrovini yanada kengaytirish hamda ularni amalga oshirish borasida fikrlar bildirildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati