• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MALAYZIYALIK HAMKORLAR OʻZBEKISTONDAGI ISLOHOTLAR BILAN TANISHTIRILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi delegatsiyaning Malayziyaga amaliy tashrifi doirasida Malayziya parlamenti Devoni rahbari – Ahmad Husaini bin Abdul Rahmon bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida parlamentlararo hamkorlik masalalari, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari hamda parlamentning rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar muhokama qilindi.

Shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Malayziyaning Inson huquqlari boʻyicha komissiyasi rahbariyati – tashkilot bosh kotibi Altaf Deviyati va inson huquqlari boʻyicha vakil – Nur Osiyo Mohd Aval bilan uchrashdi.

Muloqotlar jarayonida malayziyalik hamkorlar tomonidan Oʻzbekistonda inson huquqlari himoyasini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuqori baholanib, mamlakatimizning ushbu sohadagi xalqaro maydondagi faolligi alohida eʼtirof etildi. Jumladan, Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha asosiy xalqaro hujjatlarga qoʻshilishi hamda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro konvensiyalarni implementatsiya qilishda katta tajribaga ega ekanligini taʼkidlandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasi Malayziya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatiya va tashqi aloqalar institutiga ham tashrif buyurdi.

Institut 1991-yilda tashkil topgan boʻlib, mazkur mamlakat diplomatlarining xalqaro munosabatlar, strategik tahlil va inqirozlarni boshqarish kabi yoʻnalishlarda malakasini oshirish, shuningdek, xalqaro va mahalliy mutaxassislar uchun diplomatiyaning turli yoʻnalishlari boʻyicha maxsus oʻquv-amaliy kurslar tashkil qilish bilan shugʻullanadi.

Bosh direktor Sayd Bakri bilan uchrashuvda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Malayziya Diplomatiya va tashqi aloqalar instituti oʻrtasida ikki tomonlama sheriklikni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, uchrashuvda malayziyalik hamkorlar “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyati, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar jarayoni bilan tanishtirilib, Oʻzbekistonning tashqi siyosiy kun tartibi, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik dinamikasi muhokama qilindi. Yakunda tomonlar qator manfaatli yoʻnalishlar doirasida hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati