• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“OʻZBEKISTON FUQAROLARINI TINGLAB” TADQIQOTI NATIJALARI TAHLIL QILINDI

Joriy yilning 26-fevral kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Jahon banki va Buyuk Britaniya hukumati ko'magida, Hamdo‘stlik va Taraqqiyot byurosining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy rivojlantirish ofisi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab tadqiqoti natijalari: aholi turmush darajasini oshirishda mahallabay yondashuv” mavzusida davra suhbati tashkil etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Parlamenti, vazirlik va idoralar, tegishli xalqaro tashkilotlar, mamlakatimizdagi xorijiy vakolatxonalar, tahliliy markazlar, xalqaro va mahalliy ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unligi, iqtisodiy o‘sish, aholi turmush darajasi, migratsiya muammolari va ijtimoiy himoya masalalari muhokama qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘zining kirish so‘zida Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning fuqarolar hayotiga qay darajada ta’sir ko‘rsatayotganini o‘rganishga qaratilgan muhim tadqiqot loyihalaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Tadbirda loyiha tadqiqotlariga asoslanib, O‘zbekistondagi umumiy ijtimoiy-iqtisodiy tendensiyalar qanday o‘zgarayotganligi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy holat sezilarli darajada yaxshilanib bormoqda. Islohotlar natijasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham muntazam e’tiborga olinmoqda.

Xususan, 2024-yilda amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida:

•        kambag‘allik darajasi 8,9 foizga pasaytirildi;

•        inflyatsiya 9,8 foizga tushirildi;

•        maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 76 foizga yetkazildi;

•        yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 43 foizga oshirildi;

•        yalpi ichki mahsulot (YIM) hajmi 115 milliard dollarga yetkazildi;

•        eksport hajmi 27 milliard dollarga yetkazildi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida kambagʻallik darajasini 2026-yilga qadar 7,1 foizgacha kamaytirish, boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini 30 foizga oshirish, ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish, aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan toʻliq qamrab olish, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, ijtimoiy himoya qilish tizimi bilan muhtojlarning barchasini toʻliq qamrab olinishiga erishish kabi strategik maqsadlar qoʻyilganligini inobatga olib, Jahon banki tomonidan oʻtkazib kelinayotgan “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari mazkur marralarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishiga toʻsiqlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha siyosatchilarga qarorlar qabul qilishga hissa qoʻshadi degan umiddamiz – dedi Eldor Tulyakov.

Davra suhbati doirasida “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” so‘rov natijalari asosida ijtimoiy-iqtisodiy holatning umumiy tendensiyalari, O‘zbekistonning migratsiya siyosati, mavjud muammolar va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi – mahallabay yondashuv masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, “Mahalliy tashabbuslardan milliy ta’sirga qadar: O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha mahalla darajasidagi chora-tadbirlar” mavzusida panel muhokamasi o‘tkazildi.

Jahon bankining katta iqtisodchisi Ikuko Uochi 2025-yil yanvar oyida mamlakat boʻylab qishloq va shaharlarda 1500 ga yaqin uy xoʻjaliklari bilan o’tkazilgan so’rovlar natijalari bilan oʻrtoqlashdi. Xususan, u aholining mehnat bozori konyunkturasi, narxlar oʻsishi va inflyatsiyaning respondentlar daromadlariga taʼsiri, oziq-ovqat xavfsizligi va soʻnggi migratsiya tendensiyalari bilan bogʻliq fikrlarini taqdim etdi.

Ikuko Uochi soʻnggi makroiqtisodiy va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangilanishlar haqida ham maʼlumot berdi. 2024-yil sentyabr oyida qabul qilingan Oʻzbekistonning kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangi dasturida mahalla darajasida jamoatchilikka asoslangan yondashuvga urgʻu berilganligi sababli, Jahon banki yangi “mahallabay” yondashuvlarni joriy etdi. Ushbu yondashuvlar siyosatchilarga eng koʻp ehtiyojga ega mahalla va tumanlarni samarali aniqlashda yordam berish uchun moʻljallangan boʻlib, bu mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan dasturlarni yaratishga imkon beradi.

Shuningdek, davra suhbati davomida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro standartlarga mosligini ko‘rsatuvchi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga muvofiq amalga oshirilishi infografik tahlili” nomli to‘plam taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur infografik to‘plam “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) o‘rtasidagi uyg‘unlikni aks ettiruvchi muhim manba sifatida ishlab chiqilgan.

Mazkur nashr orqali “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining BRMga muvofiq amalga oshirilayotgan islohotlari haqida aniq ma’lumot olish mumkin. Bu esa jamiyatning barqaror rivojlanishiga qaratilgan yirik islohotlar ko‘lamini va ahamiyatini chuqurroq tushunishga yordam beradi.

To‘plam mamlakatda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning strategik rejalarga va xalqaro standartlarga mosligini ko‘rsatib beruvchi dolzarb ma’lumotlarni aniq va vizual tarzda keng jamoatchilik, ekspertlar hamda xalqaro hamjamiyat uchun qulay shaklda taqdim etadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati