• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“O‘ZBEKISTON VA ITALIYA: ILM TARMOG‘INI KENGAYTIRISH” MAVZUSIDA DAVRA SUHBATI BO‘LIB O‘TDI

Joriy yilning 17-mart kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida Turin Politexnika universitetida “O‘zbekiston va Italiya: ilm tarmog‘ini kengaytirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Italiya Tashqi ishlar vazirligidan Italiya – Markaziy Osiyo hamkorlik formati bo‘yicha Italiya milliy koordinatori Federiko Failla boshchiligidagi delegatsiya hamda Italiyaning yetakchi aql markazlari va  universitetlaridan tadqiqotchi–ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda Italiya hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan “Orol bo‘yi mintaqasining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi” dasturining amaliy jihatlari hamda qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish sohasidagi dolzarb tendensiyalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Italiya tomonlari qishloq xo‘jaligi hamda suv resurslarini boshqarish sohasida yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va tadqiqot muassasalari xodimlari uchun O‘zbekistonda va Italiyada “yozgi maktablar” tashkil etish, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha onlayn kurslar o‘tkazish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kelishib olish bo‘yicha takliflarini ilgari surdilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori o‘rinbosari Nilufar Doniyorxodjayeva o‘z nutqida sohaga oid vazirlik va idoralar vakillari hamda tarmoq mutaxassislari o‘rtasida samarali muloqot platformasini yaratish muhimligini ta’kidlab, mavjud muammolar, xususan, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarining yetishmovchiligi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish yo‘llarini muhokama qilish zarurligini qayd etdi.

Davra suhbatida Italiyaning “SOGESID” kompaniyasi vakillari hamda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari mutasaddilari o‘zaro fikr almashdi. Yakunda suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha bir qator takliflar bildirilib, Markaziy Osiyo va Italiya davlati bilan ko’p tomonlamali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida ham muhokamalar olib borildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati