• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

YEVROPANING YETAKCHI FUQAROLIK JAMIYATI VAKILLARI BILAN UCHRASHUVLAR OʻTKAZILDI

Belgiyaning Bryussel shahrida boʻlib oʻtayotgan Fuqarolik jamiyati haftaligining uchinchi kunida “Texnologiyalar umumiy manfaatlar uchun: demokratik, inklyuziv va raqobatbardosh Yevropa uchun zarur innovatsiyalar” mavzusida sessiya o‘tkazildi.

Sessiyada Yevropa Ittifoqida fuqarolik jamiyati institutlarining roli, jumladan, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va raqamli ko‘nikmalar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari uchun barqaror moliyalashtirish manbalari hamda ularni qo‘llab-quvvatlashda moslashuvchan Yevropa Ittifoqi budjeti kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Xalqaro tadbir doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati delegatsiyasi qator xorijiy turdosh tashkilotlar, tahlil markazlari va ekspertlar bilan uchrashuvlar tashkil qilib, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo’yish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Xususan, Yevropaning yetakchi fuqarolik jamiyati va tahlil markazlari vakillari bilan uchrashuvlarda fuqarolik jamiyati institutlarining turli davlatlardagi o‘rni hamda bugungi kunda ular oldida turgan dolzarb masalalarni hal qilishda o‘zaro tajriba almashish va amaliy takliflarni ishlab chiqishning ahamiyati xususida fikr almashildi. O‘zbekiston vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlarda fuqarolik institutlari faolligi hamda islohotlar jarayonida o‘z tashabbuslarini ilgari surish orqali davlat va jamiyat o‘rtasida konstruktiv muloqotni ta’minlayotganligini qayd etishdi. Xalqaro ekspertlar mazkur jarayonlarda xorijiy tajribaga urg‘u berilayotganligi va nufuzli xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston vakillarining doimiy ishtirok etayotganligiga e’tibor qaratib, turli sohalarda hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati delegatsiyasining Belgiyaga tashrifi doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning Bryussel shahridagi mamlakatimiz elchixonasida “Diplomatic World” jurnali Bosh muharriri Barbara Ditrix hamda “Diplomatic World Institute” tahliliy markazining loyihalar bo‘yicha menejeri Alberto Turkstra bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida tomonlar joriy yilda rejalashtirilgan qo‘shma loyihalar va tadbirlar masalasi hamda mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning ijobiy natijalari xususida fikr almashdilar.

“Diplomatic World” jurnali Bosh muharriri Barbara Ditrix so‘nggi yillarda O‘zbekiston ko‘plab xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilayotganligi hamda o‘zining faol va pragmatik tashqi siyosati bilan Yevropa jamoatchiligida alohida e’tibor qozanayotganligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, joriy yilning aprel oyida rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” sammitining qadimiy Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi alohida ahamiyatga ega ekanligi e’tirof etildi.

Uchrashuv yakunida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi “Diplomatic World” jurnali va “Diplomatic World Institute” tahliliy markazi bilan hamkorlikda qator qo‘shma loyiha va tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olishdi.

Belgiyaga tashrif doirasida, shuningdek, Bryussel shahrida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Yevropa - Markaziy Osiyo Monitoring” (EUCAM) tahlil markazi koordinatori Yos Bunstra bilan uchrashdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi Yevropa - Markaziy Osiyo davlatlarining ikki va ko‘p tomonlama hamkorligi joriy holati, istiqbollari hamda demokratlashuv, xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalariga qaratildi. Tomonlar mazkur dolzarb mavzular bo‘yicha kelgusida muloqotni davom ettirish, o‘zaro tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini alohida o‘rganishga kelishib oldilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati