
Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori
Oʻzbekiston mezbonligida oʻtadigan Koʻrfaz hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo davlatlari (GCC – C5) oʻrtasidagi ikkinchi sammit ikki mintaqa munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim siyosiy maydon vazifasini oʻtaydi.
Bugungi murakkab sharoitda faqat hukumatlararo emas, balki jamiyatlararo yaqinlashuv ham barqarorlik va oʻzaro ishonchning asosiy poydevoriga aylanmoqda. Sammit doirasida odamlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, aql markazlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo va Koʻrfaz mamlakatlari oʻrtasida energetika, savdo, transport va xavfsizlik sohalarida hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Biroq bu siyosiy kelishuvlarning mustahkam va uzoq muddatli boʻlishi odamlar oʻrtasidagi munosabatlar orqali qoʻllab-quvvatlanishi lozim. Jahon tajribasiga koʻra, insonlararo aloqalar diplomatik muloqot uchun ijtimoiy zamin yaratadi. Barqarorlik muhitini taʼminlaydi va oʻzaro ishonchni mustahkamlaydi. Shuning uchun ushbu masala sammit kun tartibining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.
Markaziy Osiyo va Koʻrfaz mamlakatlari islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridir. Buxoro, Samarqand va Xiva kabi shaharlarni Makka, Madina va Dubay bilan bogʻlovchi tashabbuslar nafaqat turizm, balki maʼnaviy va tarixiy birlikni ham mustahkamlaydi. Bu xalqlarimizning oʻzaro boy madaniyati va tarixi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini oshiradi, jamoatchilikning davlatlararo hamkorlikni yaxshi qabul qilishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston bu yoʻnalishda qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. 2023-yilda Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi. 2024-yildan BAA bilan oʻzaro vizadan ozod qilish toʻgʻrisidagi kelishuv kuchga kirdi. Qolaversa, boshqa Koʻrfaz mamlakatlari bilan ham shunday tartibni joriy etish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlari, ayniqsa, nodavlat notijorat tashkilotlar odamlar oʻrtasidagi muloqot va hamkorlikni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Davlatlararo munosabatlarda muayyan cheklovlar boʻlishi mumkin, ammo NNTlar jamiyatdagi muhim muammolarga innovatsion yondashish, keng jamoatchilikni jalb qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyatiga ega.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, inklyuziv taʼlim, yoshlar masalalari, raqamli tenglik, gender tenglik kabi jabhalarda NNTlar samarali muloqotni taʼminlash vositasiga aylanmoqda. Ushbu tashkilotlar orqali hukumat va jamoatchilik oʻrtasidagi muloqotni chuqurlashtirish, hamkorlikni institutsional darajaga olib chiqish lozim. Ayrim hollarda fuqarolik jamiyati institutlari rasmiy muhokamalardan oldin nozik masalalarni jamiyat muhokamasiga chiqarish orqali koʻprik vazifasini bajarishi mumkin. Bu jarayonda ekspertlar hamjamiyati va aql markazlarining oʻrni beqiyos.
Geosiyosiy beqarorlik va global chaqiriqlar sharoitida aql markazlari oʻrtasidagi hamkorlik strategik ahamiyat kasb etmoqda. Koʻrfaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan tahliliy markazlar barqarorlik, xavfsizlik, iqtisodiy diversifikatsiya va ijtimoiy siyosat masalalarida intellektual asos boʻlib xizmat qilishi mumkin. Birgalikdagi tahlillar, ilmiy maqolalar, ekspertlar almashinuvi orqali oʻzaro anglashuv va siyosiy qarorlar sifati oshadi.
Millatlararo hamkorlikni rivojlantirishda turli tashabbus va loyihalar qatorida chegaraga yaqin hududlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishga ham eʼtibor qaratish lozim.
Soʻnggi yillarda mintaqamizda kuzatilayotgan ijobiy oʻzgarishlar tufayli chegaraoldi hududlarda oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlari shakllanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, ikki mintaqa mamlakatlari oʻrtasida chegaraga yaqin hududlar darajasidagi aloqalarni yanada faollashtirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu, avvalo, bunday hududlar oʻzaro tajriba almashish imkoniyatini yaratishi, shuningdek, ularning oʻziga xos jihatlaridan kelib chiqqan holda turli ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga zamin hozirlashi mumkin.
Bundan tashqari, mahalliy darajadagi hamkorlik asosida madaniy festivallar, yoshlar almashinuvi dasturlari, taʼlim yoʻnalishidagi sheriklik hamda munitsipal hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari mavjud. Bunday tashabbuslar nafaqat chegara hududlaridagi faol aloqalarni mustahkamlaydi, balki xalqlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaqinlikni kuchaytirishga ham xizmat qiladi. Bu hududlar xalq diplomatiyasining namunaviy markazlariga aylanib, strategik kelishuvlarni amaliyotga joriy etishda katta oʻrin tutadi.
Sammit doirasida muhokama etiladigan masalalarning ijobiy natijalari har bir mintaqa aholisi uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda jamiyatlar, insonlar va gʻoyalar oʻrtasidagi yaqinlashuv muhim omil sifatida namoyon boʻlmoqda. Shu nuqtayi nazardan, rasmiy darajadagi saʼy-harakatlarning samarali amalga oshirilishi va keng jamoatchilik tomonidan toʻgʻri anglanishi uchun NNTlar va aql markazlari orqali konstruktiv muloqotni rivojlantirish ikki mintaqa kelajagini belgilaydigan muhim va istiqbolli resurs boʻlib xizmat qiladi.