• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XORIJIY OAV “MARKAZIY OSIYO – YEVROPA ITTIFOQI”NING BIRINCHI SAMMITI HAQIDA

Xorijiy ommaviy axborot vositalarida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning joriy yilning 3-4-aprel kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”ning birinchi sammitiga bagʻishlangan maqolasi eʼlon qilindi.

Jumladan, muallif maqolasi Buyuk Britaniyaning Emerging Europe saytida “Samarkand Summit: A transformative vision with the potential to reshape lives”, Italiyaning Leurispes.it saytida “Samarcanda 2025, una visione trasformativa per rimodellare la vita delle persone”, Norvegiyaning Geopolitika.no saytida “Samarkand-toppmøtet: En vision med kraft til å forandre liv”, Fransiyaning La Revue Politique et Parlementaire internet nashrida “Sommet de Samarcande : une vision transformatrice porteuse de changements concrets pour les citoyens”  sarlavhalari ostida chop etildi.

Maqolada muallif “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”ning birinchi sammitiga Samarqand shahrining mezbonlik qilishini tarixiy ahamiyatga ega muhim siyosiy voqea sifatida baholab, nufuzli tadbirning insonlar hayotiga bevosita ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi jihatlariga toʻxtalib oʻtgan.

“Bu kabi yuqori darajadagi xalqaro uchrashuvlar koʻpincha kishida diplomatik muloqot, siyosiy izohlar va rasmiy bayonotlar bilan bogʻliq, degan tasavvurni uygʻotadi. Biroq, bu galgi sammit tashabbuslar va kelishuvlar siyosiy doirada cheklanib qolmay, balki har bir fuqaroning kundalik hayotida aks etishi lozim boʻlgan aniq va amaliy natijalarni nazarda tutdi”, — deyiladi maqolada.

Jumladan, sammit doirasida qator muhim yoʻnalishlarda – yangi ish oʻrinlarini yaratish, iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish, mahalliy mahsulotlarni Yevropa bozorlariga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, taʼlim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, “yashil energetika” hamda ekologik barqarorlikni taʼminlash, transport va hududiy bogʻliqlikni mustahkamlash, sayyohlik va madaniy almashuvni jonlantirish maqsadlarida qabul qilingan qarorlar, ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyatli jihatlari haqida soʻz yuritilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati