• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT XALQ DARDI BILAN YASHAYDI: AHOLI MANFAATLARIGA QARATILGAN BOSHQARUV

Joriy yil 16-iyun kuni Prezidentimiz raisligida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida asosiy eʼtibor amalga oshirilayotgan islohotlar har bir insonning hayotida aks etishi kerakligiga qaratildi. Zero, bu davlat rivojida muhim omil sanaladi.

Joylarda sud qarorlari ijrosi taʼminlanmasligi, davlat tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlashda masʼuliyatsizligi, vakillik organlarining nazoratdan koʻra faqat koʻzboʻyamachilik bilan shugʻullanishi kabi holatlar esa xalqning davlatga va islohotlarga ishonchini pasaytiradi. Shu bois, yigʻilishda ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Endi ijro intizomiga Hisob palatasi masʼul boʻladi, uning vakolatlari kengaytiriladi. Berilgan mablagʻlarning qanchalik toʻgʻri sarflanishi emas, balki qanday samara bergani, aholi bundan qanchalik roziligi ham oʻrganiladi.

Tuman hokimlarining vakolatlari kengaytirildi Prezidentimiz aholining dardini eshitib, ularga sharoit yaratib berish rahbarlarning asosiy vazifasi ekanini aytib, “Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat”, dedi.

Ushbu fikr islohotlar markazida inson, uning hayoti, orzulari, yashash sharoiti turganiga yaqqol dalildir.

Endilikda tuman hokimlari har kuni oʻz ishini aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi, bugungi muammoni keyinga surmaydi. Murojaatni shu joyning oʻzida hal qiladi. Bu borada, albatta, tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi.

Davlatimiz rahbari bu orqali joylarda aholi muammolarini oʻz vaqtida hal qilish va hudud rivojini taʼminlashga erishish maqsadida tuman rahbarlariga katta ishonch bildirdi. Taʼkidlanganidek, agar tuman boʻgʻini samarali ishlasa, butun davlat mexanizmi ishlaydi. Hozircha esa tuman hokimlari tuman tashkilotlari shtatini taqsimlash, rahbarni lavozimga tayinlash, qoniqarsiz faoliyat yuritganini vazifasidan ozod etish yoki mablagʻlarni taqsimlash kabi asosiy vakolatlarga ega emas. Endi barchasi oʻzgaradi: har bir hokim oʻz hududida mustaqil qaror qabul qiladi, har bir vazifa va funksiyasi mablagʻi bilan mustahkamlanadi. Aks holda, mablagʻ oshirilmaydi va masʼul rahbar ishdan ketadi. Bu salohiyatli rahbarlar uchun katta imkoniyat boʻlsa, sustrogʻi uchun signaldir.

Bu tizimdan koʻzlangan asosiy maqsad tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish va aholi muammosini yechishga jiddiy eʼtibor qaratishdan iborat. Hokimliklar xalq bilan ishlashda murojaatni turli idoralarga yubormasdan, balki suhbatlashish, yechim topish, resurs ajratish kabi amaliy faoliyatga koʻproq eʼtibor bersa, mahallalarda qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, infratuzilma, suv va zamonaviy agrotexnologiyalar kabi odamlarga naf keltiradigan sohalar rivojlanadi. Bu esa, oʻz navbatida, tadbirkorlikni ragʻbatlantiradi, aholini ish bilan taʼminlaydi va iqtisodiy barqarorlikka olib keladi.

Xalq tizimli islohotlar natijasiga guvoh boʻlishi kerak. Yigʻilishda belgilangan vazifalar va yangicha boshqaruv modeli xalq hayotini bevosita va bilvosita oʻzgartirishga qaratilgan choralardir. Endilikda eng yaxshi rahbar va tizim ragʻbatlantiriladi, masʼuliyatsizlar esa javobgar boʻladi. Bu esa xalqqa nisbatan adolatli yondashuv demakdir. Prezidentimiz aholi manfaati, inson qadri va dardini hal etish zarurligini asosiy masala sifatida qayta-qayta eʼtirof etdi. Ushbu yangicha yondashuvlar, islohotlar va nazorat mexanizmlari samarasi aholi turmush darajasi yaxshilanishi va davlatga ishonch ortishi bilan oʻlchanadi. Shu bois, endi islohotlar har bir mahallada, har bir uyda, har bir inson hayotida oʻz aksini topishi, “Inson qadri uchun” tamoyili davlat siyosatining asosiy mezoniga aylanishi lozim.

Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori