• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
OʻZBEKISTONDA TURIZM: MUAMMOLAR VA RIVOJLANISH ISTIQBOLLARI
8368 | 29 Iyl. 2025 y.

Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi

Ramzidin NURIDINOV, 
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi

 

BMTning Butunjahon turizm tashkilotining (UNWTO) “Jahon turizmi barometri” hisobotiga koʻra, 2024-yilga kelib xalqaro turizm oqimi COVID-19 pandemiyasi oqibatlaridan toʻliq tiklandi. Inqiroz boshlanganidan toʻrt yil oʻtgach, xalqaro sayohatlar soni 2019-yildagi darajaning 99 foiziga yetdi. Bu esa sohaning eng ogʻir davrdan chiqib ketganligini anglatadi.

“Jahon turizmi barometri” global sayyohlik sohasidagi qisqa muddatli yoʻnalishlarni kuzatib boradi va barcha manfaatdor tomonlarga vaziyatning dolzarb tahliliy sharhini taqdim etadi.

Joriy holat tahlili

UNWTO hisob-kitoblariga koʻra, 2024-yilda dunyo boʻyicha xalqaro sayyohlar soni taxminan 1,4 milliard kishiga yetdi yoki 2023-yilga nisbatan 11 foizga oshdi yaʼni 140 million sayyoh qoʻshildi. 2025-yilda esa ijobiy oʻzgarishlar davom etishi kuzatilmoqda: xalqaro sayyohlar soni yana 3-5 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonda turizm sohasining barqaror rivojlanayotganini alohida taʼkidlash joiz. Soʻnggi yillarda turizm xizmatlari eksporti hajmi 1,6 barobarga oshib, 3,5 milliard dollarga yetdi. Bu esa mamlakatning xalqaro maydondagi jozibadorligi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Turizm qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni birinchi marta 10 million kishidan oshdi va bu koʻrsatkich oʻsishda davom etmoqda. Ichki turizm ham yuqori faollikni namoyon etmoqda — har yili mamlakat boʻylab 20 milliondan ortiq fuqaro sayohat qilmoqda.

UNWTO shafeligida ishlab chiqilgan Sayyohlarni himoya qilish xalqaro kodeksiga Oʻzbekistonning rasman qoʻshilishi muhim qadam boʻldi. Bu mamlakat xalqaro standartlarga rioya etishga, shaffoflikni taʼminlashga va sayyohlar huquqlarini himoya qilishga intilayotganini yaqqol koʻrsatmoqda.

2024-yilgi Turizm va sayohatni rivojlantirish indeksining umumiy reytingiga koʻra, Oʻzbekiston 119 mamlakat orasida 78-oʻrinni egalladi. Taqqoslash uchun: Qozogʻiston 52-oʻrinda, Tojikiston 99-oʻrinda, Qirgʻiziston esa 102-oʻrinda joylashgan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston 2019-2024-yillar oraligʻida turizm va sayohatlar uchun sharoitlarni yaxshilashda eng katta taraqqiyotga erishgan 10 ta davlat qatoriga kirdi[1].


Turizmda eng katta taraqqiyotga erishgan top-10 mamlakatlar
 (2019-2024-yillar oraligʻida, foizda)

 

Turizm rivojlanishiga taʼsir etuvchi muammolar va qiyinchiliklar

BMTning Turizm boʻyicha ekspertlar guruhi oʻtkazgan tadqiqotlarga koʻra, iqtisodiy va geosiyosiy muammolar turizmning barqaror rivojlanishi hamda sayohatchilarning ishonchiga sezilarli xavf solishda davom etmoqda.

Bunday sharoitda xalqaro sayyohlik oqimlarining yanada oʻsishi bir qator qiyinchiliklar bilan kuzatilmoqda. Xususan, eng katta taʼsirni iqtisodiy oʻsishning sustligi (42 foiz), transport va yashash xarajatlarining yuqoriligi (40 foiz), yuqori savdo tariflari (37 foiz), geosiyosiy muammolar (27 foiz), isteʼmolchilar ishonchining pastligi (27 foiz), sayohatga qoʻyilgan talablar (18 foiz) va malakali kadrlar yetishmasligi (13 foiz) koʻrsatmoqda. Bu va boshqa omillar xalqaro turizmning keyingi rivojlanishini sezilarli darajada qiyinlashtirishi mumkin.

 

 

 

 

Xalqaro turizmni rivojlantirish yoʻlidagi muammolar (2025-yilning may oyi maʼlumotlari)[2]

 

Oʻzbekistonda turizm sohasini modernizatsiya qilish, jumladan, turistik shaharlarda infratuzilmani rivojlantirish va madaniy merosni targʻib etish boʻyicha yutuqlar erishilganiga qaramay, kompleks yondashuvni talab qiladigan bir qator muammolar hali-hanuz mavjud.

Turizm infratuzilmasidagi hududiy nomutanosiblik shular jumlasidandir. Sayyohlarning asosiy oqimi Samarqand, Buxoro va Xivaga yoʻnaltirilgan boʻlsa-da, Fargʻona vodiysi, Surxondaryo, Qashqadaryo va Qoraqalpogʻistonga transport va mehmonxona resurslari yetishmasligi sababli borish qiyinligicha qolmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti boshchiligida 2023-yil 29-martda turizm salohiyatini oshirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda ham qoʻshimcha 46 ta aviareys, 68 ta temir yoʻl qatnovi zarurligi hamda Qoraqalpogʻiston, Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida sayyohlar uchun avtobuslar yetishmasligi taʼkidlangan edi[3].

Xizmatlar sifati doim ham xalqaro standart talablariga mos kelmasligi. Mazkur muammo TripAdvisor platformasida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar tomonidan qoldirilgan fikr-mulohazalari asosida aniqlandi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mutaxassislari, sayyohlar tomonidan qoldirilgan fikr-mulohazalari boʻyicha oʻtkazilgan tahlillari quyidagi jihatlarga oid koʻplab shikoyatlar mavjudligini koʻrsatdi:

- mehmonxona sohasi (barcha shikoyatlarning 26 foizini tashkil etadi): xizmatlar narxi va sifatining nomutanosibligi, eskirgan jihozlar, xonalarning yetarli darajada tozalanmaganligi, issiq suv taʼminotining yoʻqligi, nonushta sifatining pastligi haqida shikoyatlar. Wi-Fi koʻpincha mavjud emas yoki faqat mehmonxona vestibyulida ishlashi, bu esa raqamli xizmatlardan foydalanuvchilar uchun noqulaylik yaratayotganligi;

- restoran va kafelar (21 foizi): buyurtma berilgan taomlarni uzoq kutilishi (40-60 daqiqa), ingliz tilida taomnomalarning yoʻqligi, xodimlar bilan muloqot qilishning qiyinligi, taomlarning tavsifiga mos kelmasligi. Shuningdek, baʼzi muassasalar naqdsiz hisob-kitobni tashkil qilish oʻrniga toʻlovlarni xodimlarning shaxsiy karta raqamlariga oʻtkazishni talab qilishi ishonchsizlik va firibgarlik xavfini oshishiga olib kelayotganligi;

- turfirmalar va gidlar (13 foizi): litsenziyasiz faoliyat yuritilishi, ekskursiya yetakchilarining malakasizligi, diqqatga sazovor joylar haqidagi bilimlarning yetishmasligi, maʼlumotlarni taqdim etishda yuzaki yondashuv;

- transport (11 foizi): poyezd chiptalarini sotib olishdagi qiyinchiliklar, taksi narxlarining yuqoriligi (ayniqsa, vokzal va aeroportlar yaqinida), avtobuslarning sanitariya talablariga javob bermasligi;

- diqqatga sazovor joylar (9 foizi): suvenir sotuvchilarning yopishqoqligi, toʻlangan chiptalar boʻyicha cheklar taqdim etilmasligi, fotosuratga olish uchun qoʻshimcha toʻlov talab qilinishi, ingliz tilida axborot materiallarining yetishmasligi;

- xizmat koʻrsatuvchi xodimlar (8 foizi): qoʻpollik, odobsizlik, tashrif buyuruvchilarga nisbatan yuzaki muomala, ayniqsa mehmonxonalarda. Shuningdek, hududlarda (Toshkent shahridan tashqari) mobil aloqa sifati bilan bogʻliq muammolar qayd etilgan;

- sanitariya holati (6 foizi): koʻchalardagi chiqindilar, tozalanmagan jamoat joylari, hojatxonalarning qoniqarsiz ahvoli, kunning qorongʻi vaqtida baʼzi hududlarda xavflilik hissi boʻyicha qator eʼtirozlar keltirilgan.

Muammolarni bartaraf etish boʻyicha taklif va tavsiyalar

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida xorijiy sayyohlar sonini 15 million nafarga va ichki sayyohlar sonini 25 million nafarga yetkazish boʻyicha ustuvor maqsadlar belgilanganligini inobatga olib, shuningdek, aniqlangan muammolarni bartaraf etish va Oʻzbekistonning turistik salohiyatini oshirish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari quyidagi tashabbuslarni amalga oshirishni tavsiya qiladi:

1. Koʻp funksiyali mobil ilovani ishlab chiqish. Turistlar uchun raqamli qoʻllanma sifatida davlat platformalari bilan integratsiyalashgan mobil ilovani yaratish. Mazkur ilova quyidagi imkoniyatlarga ega boʻlishi zarur:

• sertifikatlangan turistik gidlar bazasiga kirish va ekskursiyalarni band qilish imkoniyati, bu esa oʻz navbatida koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati va ishonchliligini taʼminlaydi;

• sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash va ularga qulaylik yaratish maqsadida mahalliy darajada foydalanadigan taksi chaqirish xizmatlarini integratsiya qilish;

• mehmonxonalar, restoranlar, diqqatga sazovor joylar, bankomatlar, valyuta ayirboshlash shoxobchalari, Wi-Fi zonalari, tibbiyot muassasalari va turizm politsiyasi boʻlimlari boʻyicha filtr qilish imkoniyatiga ega interaktiv xaritani nazarda tutish;

• tashrif vaqti va tavsiya etilgan toʻxtash joylarini koʻrsatadigan shaxsiylashtirilgan yoʻnalishlarni yaratish funksiyasini inobatga olish;

• interfeysdan bir nechta tilda foydalanish (oʻzbek, ingliz, rus, xitoy va boshqa tillar);

• ilovaning asosiy funksiyalaridan oflayn tarzda foydalanish (masalan, xarita va yoʻnalishlarni belgilash);

• onlayn toʻlov tizimlari bilan integratsiya qilish;

• sayyohlarning yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarini hal qilish uchun real vaqt rejimida ishlaydigan qoʻllab-quvvatlash xizmatini nazarda tutish.

Japan Official Travel App - Yaponiya milliy sayyohlik tashkiloti (JNTO) tomonidan ishlab chiqilgan rasmiy mobil ilova boʻlib, mazkur ilova yordam maʼlumotlari, jamoat transporti yoʻnalishlari, Wi-Fi nuqtalari va bankomatlar, shifoxonalar roʻyxati, restoranlar menyusi, yuklarni saqlash xizmatlari va hatto tabiiy ofatlar haqida maʼlumotlarni berib turadi[4].

• turistik xizmatlar haqida fikr-mulohazalar qoldirish imkoniyati;

• aniq belgilangan muddatlarda murojaatlarni koʻrib chiqish kafolati bilan samarali qayta aloqa tizimi;

• yolgʻon shikoyatlarni aniqlash va turizm sohasi ishtirokchilarining ishbilarmonlik obroʻsini himoya qilish maqsadida fikr-mulohazalarni saralash (moderatsiya) va tahlil qilish imkoniyatini nazarda tutish. Italiya korxonalari vazirligining statistik maʼlumotlariga koʻra, yolgʻon shikoyatlar turistik korxonalarning daromadlarini 6-30 foizga kamaytirishi mumkin[5].

Buyuk Britaniyaning VisitBritain rasmiy platformasida faqat sertifikatlangan turistik obyektlarga tashrif buyurgan sayyohlarning shikoyatlari koʻrib chiqiladi. Javob berish ikki bosqichda amalga oshiriladi: tasdiqlash — ikki ish kuni ichida, toʻliq javob berish esa — 28 kun ichida[6].

2. Mobil ilovani targʻib qilish. Sayyohlar ommaviy tashrif buyuradigan joylar: aeroportlar, temir yoʻl vokzallari, metro bekatlari, avtovokzallar va turistik axborot markazlarida koʻp funksiyali mobil ilovani faol targʻib qilish tavsiya etiladi.

Targʻibot vositalari yorqin reklama materiallari (bannerlar, raqamli ekranlar, QR -kodli stikerlar), ilovani oʻrnatgan va undan faol foydalanayotgan foydalanuvchilar uchun bonuslar yoki chegirmalarni nazarda tutish. Bunday yondashuv sodiq foydalanuvchilar bazasini shakllantirishga va mahsulotning sayyohlar orasida tanilishiga yordam beradi.

3. Raqamli axborot doʻkonlar (kiosklar)ini oʻrnatish. Turistlar koʻp toʻplanadigan joylar (aeroportlar, vokzallar, tarixiy markazlar) da bir nechta tilda foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan sensor terminallarini joylashtirish tavsiya etiladi. Axborot doʻkonlarida quyidagi imkoniyatlardan foydalanishni nazarda tutish maqsadga muvofiq:

• diqqatga sazovor joylar, transport va tadbirlar haqidagi dolzarb maʼlumotlarni olish;

• interaktiv xaritalar, chiptalarni band qilish, taksi chaqirish;

• chop etish imkoniyati, tarjima qilish, qurilmalarni quvvatlash va turizmni qoʻllab-quvvatlash xizmati bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatish funksiyalarini kiritish lozim.

Janubiy Koreyaning “Smart Tourist Information System” tizimi — sayohat yoʻnalishlari boʻyicha tavsiyalar olish, tarjima xizmati, sayohatlarni band qilish va 1330 raqami orqali qoʻllab-quvvatlash xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi interaktiv doʻkonlar (kiosklar) tarmogʻi hisoblanadi[7].

4. Diqqatga sazovor joylarda QR-kodlarni oʻrnatish. Turistik hududlarda sayohatchilarga bir necha tillarda madaniy meros obyektlari, muzeylar va tarixiy obidalar toʻgʻrisida maʼlumot olish imkonini beruvchi QR-kodlarni joylashtirish maqsadga muvofiq. Bu tizim orqali fotosuratlar, videolar va matnli tavsiflarni oʻz ichiga olgan multimedia veb-sahifalariga kirish orqali maʼlumot olish imkonini yaratish va sayyohlarga gid xizmatlarini majburlab taklif qilish amaliyotidan voz kechish lozim.

Rio-de-Janeyroda 2023-yildan boshlab QR-kodlar koʻchalar va madaniy meros obyektlariga joylashtirilmoqda. Birinchi boʻlib bunday tizim Arpoador qoyasiga oʻrnatilgan. Sayyohlar uni skanerlab, diqqatga sazovor joylar haqidagi multimediali qoʻllanmadan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldilar[8].

5. Mobil joylashuv maʼlumotlaridan (Mobile Positioning Data) foydalanish. Rasmiy turizm statistikasini shakllantirishda maʼlumot manbai sifatida MPDdan foydalanish amaliyotini joriy etish tavsiya etiladi. Ushbu usulning afzalliklari: aniqroq, tezkor va batafsil maʼlumotlarni olish, ichki va xalqaro harakatlarni kuzatish, keng koʻlamli va qimmat soʻrovlar oʻtkazmasdan hisobni avtomatlashtirish.

Estoniya 10-yildan buyon MPDni turizm statistikasining asosiy manbai sifatida qoʻllab kelmoqda. Foydalanish tartibi Positium kompaniyasi va Tartu universiteti olimlari bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqi, BMT, XVJning barcha standartlari hamda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish talablariga toʻliq rioya qilgan holda ishlab chiqilgan[9].

Oʻz navbatida, yuqorida taklif qilingan chora-tadbirlar sayyohlik xizmatlarining sifatini oshirish, sayohatchilarni maʼlumot bilan taʼminlashni yaxshilash, shuningdek, sayyohlik oqimlarini hisobga olishni takomillashtirish imkonini beradi. Raqamli yechimlarni har tomonlama joriy etish va xalqaro tajribani oʻzlashtirish Oʻzbekistonni jahon miqyosida raqobatbardosh sayyohlik yoʻnalishiga aylantirish yoʻlidagi muhim qadamlar hisoblanadi.


[1] https://www3.weforum.org/docs/WEF_Travel_and_Tourism_Development_Index_2024.pdf

[2] https://www.unwto.org/un-tourism-world-tourism-barometer-data

[3] https://president.uz/uz/lists/view/6095

[4] https://www.vacationstravel.com/japan-official-travel-app/

[5] https://www.euronews.com/travel/2025/03/27/fundamental-for-tourists-trust-why-italy-is-cracking-down-on-fake-hotel-and-restaurant-rev

[6] https://www.visitbritain.org/transparency-and-governance/our-approach-complaints

[7] https://vkc.or.kr/en/main-project/smart-tourist-information-system/

[8] https://www.qrcode-tiger.com/travel-qr-code

[9] https://positium.com/blog/estonia-leads-the-production-of-tourism-statistics-using-mobile-positioning-data

 


7
Похожие новости