• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

POLSHANING “PERSPEKTYWY” JAMGʻARMASI BILAN HAMKORLIK OʻRNATILADI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Polshadan mamlakatimizga tashrif buyurgan “IREG Observatory” Prezidenti va “Perspektywy” taʼlim jamgʻarmasi asoschisi Valdemar Sivinskiy hamda Jamgʻarmaning ijroiya direktori Bianka Sivinska bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda taʼlim va fan sohasidagi xalqaro hamkorlik, oliy taʼlimga oid islohotlar va ularning natijalari, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Maʼlumot oʻrnida: “Perspektywy” jamgʻarmasi taʼlim va fan sohasiga ixtisoslashgan boʻlib, Polsha taʼlim tizimining sifati va shaffofligini oshirish, yoshlarning kasb tanlash, maktab va universitetga kirish borasidagi qarorlarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek oliy taʼlim va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida malaka va imkoniyatlarni yaxshilash yoʻnalishida faoliyat yuritadi. Shuningdek, Jamgʻarma xalqaro miqyosda ham mashhur boʻlgan universitetlar, oʻrta maktablar reytingi hamda kasb va yoʻnalishlar reytingini tayyorlaydi hamda taʼlim sohasida xalqaro hamkorlik olib boradi.

Uchrashuv davomida kelgusida “Perspektywy” taʼlim jamgʻarmasi bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari, xususan, ikki davlat yetakchi universitetlari oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish va amalyotga tatbiq qilish, davra suhbatlari va xalqaro tadbirlar tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.

“Perspektywy” jamgʻarmasi rahbariyati ikki tomonning manfaatli yoʻnalishlarida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati