• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
“OʻZBEKISTON–2030” STRATEGIYASI AMALDA: FAROVONLIK UCHUN IQTISODIY ISLOHOTLAR
1610 | 24 Sen. 2025 y.

Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi

 

Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasiga asoslangan boʻlib. Bu jarayonning markazida inson qadri va xalq farovonligini taʼminlash gʻoyasi turibdi. “Harakatlar strategiyasi” va “Taraqqiyot strategiyasi”ning mantiqiy davomi sifatida qabul qilingan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, davlat boshqaruvini xalqqa xizmat qiladigan tizimga aylantirish hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan.

Iqtisodiy islohotlar nafaqat raqamlarda, balki hayot sifatining yaxshilanishida, turmush darajasining oshishida ham oʻz ifodasini topmoqda. Mahalladan tortib xalqaro maydongacha – har bir sohada yangi yondashuvlar amalga kirib, mamlakat taraqqiyotining yangi qiyofasi shakllanmoqda.

Makroiqtisodiy barqarorlik – farovonlikning poydevori

Soʻnggi sakkiz yilda iqtisodiyot izchil oʻsish trayektoriyasiga chiqdi. YIM hajmi 2017-yildagi 69,6 mlrd. dollardan 2024-yilda 115 mlrd. dollarga yetdi. Bir qarashda raqamlar oddiy statistikadek tuyulishi mumkin. Biroq ular ortida millionlab insonlarning turmush sharoiti yaxshilangani, ish oʻrinlari koʻpaygani va yangi imkoniyatlar ochilgani yotadi.

Inflyatsiya darajasining 14,4 foizdan 9,8 foizga pasayishi esa bozorlarda narx-navolarni barqaror saqlashga, aholining kundalik xarid qobiliyati oshishiga xizmat qildi. Bu koʻrsatkichlar iqtisodiy siyosatdagi uzluksiz islohotlar samarasini yaqqol koʻrsatadi.

Davlat moliyasida ochiqlik va samaradorlik

Fuqarolar davlat budjeti jarayonida bevosita ishtirok eta boshladi. “Ochiq budjet”, “Mening yoʻlim” va “Tashabbusli budjet” platformalari orqali har bir inson oʻz ovozi bilan mahallasining, shahrining rivojiga hissa qoʻshmoqda.

Davlat budjeti daromadlari 2017-yildagi 49,7 trln. soʻmdan 2024-yilda 274,4 trln. soʻmga yetdi. Bir vaqtning oʻzida QQS stavkasining 20 foizdan 12 foizga tushirilishi tadbirkorlar uchun yukni yengillashtirdi va ularning raqobatbardoshligini oshirdi.

Investitsiya muhiti – ishonch va hamkorlik maydoni

Oʻzbekiston soʻnggi yillarda xalqaro maydonda ishonchli hamkor sifatida oʻzini koʻrsatdi. 2024-yil may oyida Toshkentda oʻtkazilgan xalqaro investitsiya forumida 26,6 mlrd. dollarlik kelishuvlar imzolangani mamlakatimizga boʻlgan ishonchning yorqin isbotidir.

Asosiy kapitalga investitsiyalar 2017-yildagi 72,2 trln. soʻmdan 2024-yilda qariyb 494 trln. soʻmga yetdi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar esa 3,3 mlrd. dollardan 34,7 mlrd. dollarga koʻtarildi. Bu raqamlar ortida yangi zavodlar, ishlab chiqarish korxonalari, texnologiyalar va eng muhimi – yangi ish oʻrinlari mujassam.

Bank tizimi – moliyaviy barqarorlik garovi

Moliya bozorini erkinlashtirish va toʻlov tizimlarini modernizatsiya qilish aholi va biznes uchun katta qulayliklar yaratdi. “HUMO” va “Uzcard” tizimlarining integratsiya qilinishi toʻlovlar shaffofligini taʼminladi.

2024-yilda tijorat banklaridagi omonatlar hajmi 308,7 trln. soʻmga yetdi. Bu koʻrsatkich xalqning moliya tizimiga ishonchi ortayotganidan dalolat. Foiz stavkalari pasaytirilishi esa tadbirkorlarning kredit olib ish boshlash imkoniyatlarini kengaytirdi.

“Yashil iqtisodiyot” va raqamli texnologiyalar – kelajakni qurish

Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va raqamli iqtisodiyot yoʻnalishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Buxoro, Navoiy va Namanganda qurilgan quyosh va shamol elektrostansiyalari mamlakatning energetik mustaqilligi sari tashlangan qadamdir. 2024-yilda “yashil energiya”ning umumiy ulushi 16 foizga yetdi.

Shu bilan birga, internet tezligining 4200 Gbit/s.ga yetkazilishi, aholi punktlarini 97,5 foiz darajada keng polosali internet bilan qamrab olish raqamli iqtisodiyot rivojiga zamin yaratdi. Bu islohotlar nafaqat iqtisodiy oʻsish, balki hayot sifatining mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qilmoqda.

Xususiy sektor va muhim tarmoqlar – milliy iqtisodiyotning drayveri

Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatiga keng yoʻl ochilmoqda. Yangi qonunlar va qoʻllab-quvvatlash dasturlari orqali xususiy sektor iqtisodiyotning yetakchi kuchiga aylanib bormoqda.

Sanoatda BYD va KIA kabi xalqaro brendlar oʻz ishlab chiqarishini yoʻlga qoʻydi. Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalar 1,2 mln. gektar maydonda joriy etildi. Turizm sohasida esa 2017-yildagi 2,7 mln sayyoh soni 2024-yilda 10 mln. nafarga yetdi.

Xulosa qilib aytganda, “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi xalq farovonligi va davlat barqarorligini taʼminlash yoʻlida amaliy harakatlar dasturiga aylandi. Makroiqtisodiy barqarorlik, budjet siyosatining ochiqligi, investitsiyaviy muhitning kengayishi, bank tizimining modernizatsiyasi, “yashil” va raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi hamda xususiy sektorning quvvati mamlakatning yangi qiyofasini yaratmoqda.

Eng muhimi, bu islohotlar raqamlarda emas, balki hayotda – xalqning kundalik turmush tarzida, aholi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarda oʻz aksini topmoqda. Ushbu jarayonlarning izchil davom ettirilishi “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida belgilangan uzoq muddatli maqsadlarga erishishga xizmat qiladi.

 

 


0
Похожие новости