• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“MARMARA GRUP” FONDI PREZIDENTI AKKAN SUVER “XALQLAR DOʻSTLIGI” KOʻKRAK NISHONI BILAN TAQDIRLANDI

Turkiyaning “Marmara Grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi prezidenti doktor Akkan Suver Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi tomonidan “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Doktor Suver madaniyatlararo muloqot va oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida olib borayotgan faoliyati bilan turk jamiyati va xorijiy davlatlarda hurmat va eʼtibor qozongan shaxs hisoblanadi. Uning tashabbusi bilan har yili oʻtkazib kelinayotgan Yevroosiyo iqtisodiy sammiti turli davlatlar, jumladan Oʻzbekiston vakillari ishtirokida mamlakatlararo hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilib kelmoqda.

Doktor Suver Oʻzbekiston tomonidan Turkiyada tashkil etiladigan turli madaniy va ilmiy tadbirlarda, shuningdek, hamtashkilotchi sifatida oʻz tashabbuslari bilan faollik koʻrsatib kelmoqda. Xususan, u mamlakatimizning Turkiyadagi Elchixona va Istanbul shahridagi Bosh konsulligi tadbirlarida ham doimiy qatnashib keladi.

Ayniqsa, A.Suverning Turkiyada istiqomat qilayotgan oʻzbekistonlik vatandoshlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritishi, turkiyalik tadbirkorlarni Oʻzbekistondagi investitsiya loyihalariga jalb etish borasidagi tashabbuslari alohida eʼtirofga loyiq.

Aytish kerakki, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Marmara Grup” fondi oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik doirasida ham soʻnggi yillarda bir qator muhim tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, mintaqaviy barqarorlik va xalqaro muloqotni rivojlantirishga qaratilgan konferensiyalar, forum va ekspert uchrashuvlari oʻtkazildi.

Kelgusida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Marmara Grup” fondi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ikki tomonlama strategik muloqot platformalarini tashkil etish, ekspertlar almashinuvini kuchaytirish hamda turli sohalarda tahliliy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu kabi tashabbuslar ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi doʻst va hamkor tashkilot sifatida doktor Akkan Suverni ushbu mukofot bilan tabriklaydi hamda Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarini rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati