
Jamshid Sharipov, «Taraqqiyot strategiyasi»
markazi boʻlim boshligʻi
Xorijiy amaliyotda metsenatlik madaniyat, fan va taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, sport va ijtimoiy himoya sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga molik tashabbuslarni ixtiyoriy ravishda begʻaraz qoʻllab-quvvatlash hisoblanadi. Gumanitar sohani modernizatsiya qilish va fuqarolik jamiyati ishtirokini faollashtirish sharoitida metsenatlikni rivojlantirish Oʻzbekiston Respublikasining barqaror rivojlanishi uchun strategik ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 2023-yil 22-dekabr kuni madaniyat va sanʼat vakillari bilan uchrashuvda mamlakatimizda ushbu harakatni mustahkamlash zarurligini taʼkidladi hamda toʻplangan tajribani metsenatlikning barqaror va samarali mexanizmiga aylantirish maqsadga muvofiqligini alohida qayd etdi. U misol tariqasida 2017-yilda “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan va madaniyat muassasalariga 85 milliard soʻmdan ortiq yordam koʻrsatgan “Doʻstlar klubi” faoliyatini keltirdi[1].
Metsenatlikni rivojlantirish muammolari
2019-yildan boshlab metsenatlar, yordam oluvchilar va davlat organlari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Metsenatlik toʻgʻrisida”gi Qonun (16.10.2019-yildagi OʻRQ-571-son) amal qilmoqda. Qonunda ixtiyoriylik, shaffoflik va begʻarazlik tamoyillari mustahkamlangan boʻlib, Madaniyat vazirligining ushbu faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatlari belgilangan.
Biroq, Qonunning amaldagi tahririda metsenatlarni soliq imtiyozlari bilan ragʻbatlantirishning aniq belgilangan mexanizmi keltirilmagan, bu esa uning amaliy ijrosini sezilarli darajada pasaytiradi, xususan:
• Qonun bilan imtiyozlar va preferensiyalar berilishi belgilangan, biroq ularni qoʻllashda noaniqliklar mavjud — qonun qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahririga integratsiya qilinmagan;
• Metsenatlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar uchun soliq chegirmalarining cheklanganligi. Xususan, Soliq kodeksining 378-moddasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hisoblab chiqarishda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi solinadigan bazaning 50 foizi miqdorida chegirma qilish chegarasi belgilangan boʻlib, bu metsenatlikni yetarli darajada ragʻbatlantirmaydi.
Shu bilan birga, metsenatlik faoliyatining madaniyat va sanʼat sohasi bilan cheklanganligi, shuningdek, potensial metsenatlarning qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlari va mexanizmlari toʻgʻrisida xabardorligining pastligi ham metsenatlik faoliyatining rivojlanishiga taʼsir koʻrsatadi.
Xalqaro tajriba
Xalqaro tajribada qonunchilik va institutsional mexanizmlar orqali metsenatlikni ragʻbatlantirishning muvaffaqiyatli misollari mavjud, jumladan:
AQSHda: Soliq kodeksi jismoniy shaxslar uchun xayriya tashkilotlari koʻmagida soliqqa tortiladigan daromadning 60 foizigacha chegirmalarni taqdim etadi. Shaffoflik notijorat tashkilotlarini majburiy roʻyxatdan oʻtkazish va ommaviy hisobot berish orqali taʼminlanadi[2].
Buyuk Britaniyada: Gift Aid dasturi xayriya tashkilotlariga yordam miqdorini 25 foizga oshirib, xayriya soligʻini qaytarish imkonini beradi. Shuningdek, homiylar uchun soliq imtiyozlari, jumladan, mablagʻlarni xayriyaga oʻtkazganda meros soligʻidan ozod boʻlish imkoni mavjud[3].
Fransiyada: Metsenatlik toʻgʻrisidagi qonun (2003) madaniy, taʼlim va ilmiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlashda jismoniy shaxslar uchun 66% gacha va kompaniyalar uchun 60% gacha soliq chegirmalarini taqdim etadi. Raqamli platformalar orqali shaffof hisobot berish tizimi metsenatlik faoliyatiga ishonchni oshiradi[4].
BAAda: Metsenatlik davlat tomonidan soliq imtiyozlari va xayriyalarni roʻyxatdan oʻtkazishning soddalashtirilgan tartibi bilan Dubai Cares kabi fondlar orqali faol qoʻllab-quvvatlanadi[5].
Bundan tashqari, BAAda homiylar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida xayriya tashkilotlari va davlat tuzilmalari oʻrtasidagi tovar xayriyalari uchun QQSdan ozod qilish joriy etilgan: yiliga 5 million dirhamgacha boʻlgan badallarga soliq solinmaydi, bu esa jamgʻarmalarga yukni kamaytiradi va koʻproq mablagʻlarni muhtojlarga yordam berish va ijtimoiy loyihalarga yoʻnaltirish imkonini beradi[6].
Singapurda: Homiylar uchun maksimal darajada qulay va shaffof sharoitlar yaratilgan, xayriyani istalgan bankning mobil ilovasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish mumkin, buning uchun QR-kodni skanerlash yoki tashkilotning noyob raqamini kiritish kifoya. Bunda donor oʻzining soliq identifikatorini (masalan, NRIC/FIN/UEN) koʻrsatadi, bu esa avtomatik ravishda soliq chegirmasini olishni taʼminlaydi[7].
Daniyada: Homiylik soliq imtiyozlari orqali qoʻllab-quvvatlanadi: 2025-yildan boshlab fuqarolar yiliga 19 000 krongacha xayriya chegirmalarini olishlari mumkin, bunda soliq maʼmuriyati kiritilgan summaning taxminan 26 foizini qaytaradi. Bunday mexanizm xayriyani bir vaqtning oʻzida ijtimoiy ahamiyatli va moliyaviy jihatdan foydali qiladi, metsenatlik madaniyatini rivojlantirish va ijtimoiy foydali tashabbuslarni kengaytirishni ragʻbatlantiradi[8].
Kanadada: 1995-yildan beri AFP (Mablagʻ yigʻish boʻyicha professionallar uyushmasi)ning Katta Torontodagi boʻlimi har yili xayriya yutuqlari uchun mukofotlarni berib boradi. Ushbu mukofotlar metsenatlar misolida homiylik va koʻngillilikning yangi standartlarini shakllantirish rolini alohida belgilaydi[9].
Ushbu misollar, samarali metsenatlik aniq soliq imtiyozlari, shaffof hisobot va jamoatchilik eʼtirofini talab qilishini koʻrsatmoqda.
Metsenatlik faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar
Oʻzbekistonda metsenatlik faoliyati, ayniqsa soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish nuqtayi nazaridan, katta salohiyatga ega ekanligini inobatga olib, qoʻyidagilar taklif etiladi:
[1] https://t.me/Press_Secretary_Uz/3675
[2] https://www.irs.gov/pub/irs-prior/p526--2023.pdf
[3] https://www.nptuk.org/philanthropic-resources/giving-perspectives/what-is-gift-aid/
[4] https://www.altertax-avocats.com/en/patronage-and-taxes-how-to-benefit-from-a-tax-reduction-to-support-causes-close-to-your-heart/
[5] https://u.ae/en/information-and-services/charity-and-humanitarian-work/ways-of-doing-charity-in-the-uae
[6] https://www.tasshamjit.com/uae-revises-vat-law-introducing-new-tax-exemptions-to-boost-investment-and-charitable-activities/
[7] https://www.sgh.com.sg/giving/make-a-gift
[8] https://skat.dk/borger/fradrag/fradrag-for-gaver-og-bidrag-til-velgoerende-foreninger
[9] https://afptoronto.org/philanthropy-awards/