Raqamlashtirish — zamonaviy iqtisodiyotning asosiy omili boʻlib, mehnat unumdorligini oshirish, xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va global jarayonlarga qoʻshilishga yordam beradi. Raqamli transformatsiya iqtisodiyot va jamiyatni tubdan oʻzgartiradi. U rivojlanish, innovatsiyalar va samaradorlikni oshirishni ragʻbatlantiradi, qashshoqlik va tengsizlikni kamaytirish, shuningdek, tashqi taʼsirlarga, shu jumladan iqlim oʻzgarishiga chidamlilikni oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Oʻzbekistonda raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli mobil aloqa abonentlarining umumiy soni 2017-yilga nisbatan 13,7 millionga oshib, 2024-yilda 36,3 million kishini tashkil etdi[1], internetdan foydalanuvchilar soni esa qariyb uch barobarga oshib, 32,1 millionga yetdi[2].
Speedtest Global Index maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi olti yil ichida Oʻzbekiston internet tezligi boʻyicha sezilarli yutuqlarga erishdi: 2020-yildagi 133-oʻrindan 2025-yilda 71-oʻringa koʻtarildi[3]. Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi (EGDI) boʻyicha mamlakat 2018-yildagi 81-oʻringa nisbatan 2024-yilda 63-oʻrinni egalladi.
Raqamli tengsizlikning kelib chiqish sabablari
Erishilgan yutuqlarga qaramay, hududlar hamda shahar va qishloqlar oʻrtasida raqamli tafovut saqlanib qolmoqda, bu esa mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini cheklamoqda. Xalqaro ekspertlarning fikriga koʻra, raqamli transformatsiya jarayoni toʻgʻri boshqarilmasa, u mavjud tengsizlikni kuchaytirishi va mintaqalarning barqaror rivojlanishiga putur yetkazishi mumkin.
Jahon bankining (Digital Progress and Trends Report) hisobotiga koʻra, past va oʻrta daromadli mamlakatlarda, jumladan, Oʻzbekistonda raqamli tafovut qashshoqlikning chuqurlashishiga va unumdorlikning pasayishiga olib keladi. Texnologik jihatdan rivojlangan mamlakatlardagi kompaniyalar generativ sunʼiy intellektni faol joriy etayotgan bir paytda, iqtisodiyoti rivojlanayotgan aksariyat mamlakatlarda korxonalarning yarmidan kamrogʻi bazaviy internetga ulanish imkoniyatiga ega[4].
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertining fikriga koʻra, Oʻzbekistonda raqamli tengsizlik yuzaga kelishining asosiy sabablari quyidagilar hisoblanadi:
1. Tarmoqlar bilan notekis qamrab olinganligi. GSMA maʼlumotlariga koʻra, Toshkent shahri va tuman markazlarini qamrab olgan 3G va 4G tarmoqlariga qaraganda 2G mobil tarmogʻi hududlarni kengroq qamrab olgan. Qishloq joylarda esa internet tezligi kamdan-kam hollarda 2 Mbit/s dan oshadi, bu esa zamonaviy ilovalar bilan ishlash talablariga javob bermaydi. Transport vositalarida harakatlanayotganda esa signalning kuchsizligi va baza stansiyalari orasidagi oʻtishlar sababli tezlik yanada 10-50 Kbit/s pasayadi. Bu holat raqamli xizmatlardan toʻliq foydalanishni cheklaydi hamda ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikni kuchaytiradi.

2. Xizmat narxining yuqoriligi. Freedom House tadqiqotlariga koʻra, Toshkent shahridan tashqarida internetning kirib borish darajasi ancha past. Poytaxtda FTTB texnologiyasi boʻyicha internet va keng polosali ulanishning eng yuqori darajasi mavjud boʻlib, bu hududlar koʻrsatkichlaridan ancha yuqori. Bundan tashqari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) infratuzilmasining qishloq joylarida rivojlanishi bevosita barqaror elektr taʼminotiga ham bogʻliq. Shu sababli, qishloq joylarda mobil internet asosiy ulanish manbai boʻlib qolmoqda, ammo uning yuqori narxi past daromadli aholiga ulanish imkoniyatini cheklaydi. Natijada Toshkent shahrida har 100 nafar aholiga 209 ta internet abonenti toʻgʻri kelsa, aksariyat hududlarda bu koʻrsatkich 70 taga ham yetmaydi. Bu esa oʻz navbatida davlat xizmatlari, onlayn taʼlim va raqamli biznes imkoniyatlaridan foydalanishni cheklaydi.
100 kishiga internetga ulanish darajasi
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi
3. Raqamli savodxonlikning pastligi. Raqamli koʻnikmalarning yetishmasligi, ayniqsa qishloq joylarda, onlayn xizmatlardan foydalanishni qiyinlashtiradi. YUNISEF maʼlumotlariga koʻra, maktab oʻquvchilarining atigi 40 foizi kompyuterdan foydalanishni biladi va atigi 37 foizi raqamli savodxonlikka ega. Qishloq joylarda bu koʻrsatkich yanada past — 30 foizdan kam[5].
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) maʼlumotlariga koʻra, Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida raqamli transformatsiyani ragʻbatlantirish uchun zarur boʻlgan raqamli koʻnikmalar darajasi umuman olganda pastligicha qolmoqda. Odamlar raqamli transformatsiya afzalliklaridan toʻliq foydalanishlari uchun raqamli texnologiyalarni oʻzlashtirish darajasi juda muhim hisoblanadi.
Oʻzbekistonga keladigan boʻlsak, OTB ekspertlarining fikriga koʻra, aholining atigi 15 foizi bazaviy koʻnikmalarga, 7-8 foizi standart koʻnikmalarga ega, bu esa raqamli savodxonlikning pastligidan dalolat beradi[6].
Raqamli koʻnikmalar darajasi, BMTning ESKATO tasnifiga koʻra, bazaviy (matn kiritish, nusxa koʻchirish), standart (ilovalar bilan ishlash) va ilgʻor (dasturlash) darajalarga boʻlinadi.
Manba: Harnessing Digital Transformation for Good: Asian Development Policy Report 2025
4. Raqamli infratuzilmaga investitsiyalarning kamligi. Raqamli investitsiyalar mutlaq hajmining oʻsayotganligiga qaramay, Oʻzbekistonga investitsiyalar oqimining katta qismi hali ham raqamli boʻlmagan tarmoqlarga toʻgʻri kelmoqda. 2003-yildan 2024-yilgacha boʻlgan davrda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning taxminan 5 foizi raqamli tarmoqlarga toʻgʻri keldi. Ushbu ulush Turkmaniston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston kabi Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari koʻrsatkichlaridan yuqori boʻlsada, IHTT mamlakatlari (24 foiz) va IHTTga aʼzo boʻlmagan mamlakatlarda (14 foiz) qayd etilgan oʻrtacha koʻrsatkichlardan ancha pastligicha qolmoqda[7].
Raqamli tengsizlikni kamaytirish boʻyicha tavsiyalar.
Osiyo taraqqiyot banki ekspertlarining fikriga koʻra, mintaqaviy iqtisodiyotlarga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirishda oʻziga xos iqtisodiy sharoitlarni hisobga olishlari zarur. Strategiyalarni tanlashda raqamlashtirish darajasiga, inklyuzivlik va barqarorlik darajasiga tayanish zarur. Dunyo oʻrtacha darajasi bilan taqqoslaganda, raqamli rivojlanish darajasi past boʻlgan mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekiston raqamli infratuzilmani rivojlantirish, raqamli koʻnikmalar va savodxonlikni oshirish, shuningdek, raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga eʼtibor qaratgan holda raqamli transformatsiyani jadallashtirishi kerak[8].
Oʻz navbatida, Jahon banki ekspertlarining taʼkidlashicha, infratuzilma, iqtisodiy va taʼlim toʻsiqlari tufayli yuzaga kelgan hududiy raqamli tengsizlik qashshoqlikni kuchaytiradi va aholining raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan foydalanishini cheklab, daromadlar oʻrtasidagi tafovutni kuchaytiradi. Ushbu xatarlarni kamaytirish uchun telekommunikatsiya infratuzilmasiga keng koʻlamli investitsiyalar kiritish, raqamli koʻnikmalarni rivojlantirish va inklyuziv siyosatni joriy etish zarur.
Xorijiy davlatlar tajribasi va xalqaro tashkilotlar tavsiyalaridan kelib chiqib raqamli tengsizlikni minimallashtirish va “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining davlat xizmatlarini 2030-yilgacha 100 foiz elektron shaklga oʻtkazish boʻyicha maqsadga toʻlaqonli erishish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etiladi:
Birinchidan. Yirik kontent provayderlari (Google, Netflix) va bulutli xizmatlardan foydalangan holda internet-trafik almashish nuqtalarini (IXP) rivojlantirish, bu esa raqamli tengsizlikni kamaytirishga yordam beradi.
Jahon bankining Digital Progress and Trends Report hisobotiga koʻra, past va oʻrta daromadli IXPga ega boʻlgan va yetakchi provayderlar bilan hamkorlik qilgan mamlakatlarda 1 Gb mobil internet narxi IXPga ega boʻlmagan mamlakatlarga qaraganda besh baravar past, mobil internetdan foydalanish darajasi esa deyarli uch baravar yuqori boʻlgan.
IXP tarmoqlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri trafik almashinuvini taʼminlaydi, bu esa xarajatlar va uzilishlarni kamaytiradi, internet tezligini oshiradi. Bu, ayniqsa, raqamlashtirish darajasi past boʻlgan hududlar, jumladan, Oʻzbekistonning qishloq joylari uchun muhim boʻlib, ularda IXP orqali ulanish xalqaro kanallarga ehtiyojni kamaytiradi, chekka hududlarda internet tezligini yaxshilaydi, uzulishlarni kamaytiradi va mahalliy almashinuv orqali internet narxini 20 foizgacha pasaytiradi.
Shu bilan birga, xalqaro ekspertlar past va oʻrta daromadli mamlakatlar hukumatlariga IXP bozorini liberallashtirish va ustunlik qiluvchi internet provayderlari ulardan foydalanishga toʻsqinlik qilmasligini taʼminlashni tavsiya qilishadi[9].
Ikkinchidan. Taʼlim dasturlarini tanqidiy qayta koʻrib chiqish. Malayziyaning #MyDigitalMaker tajribasidan kelib chiqib, amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlimga eʼtibor qaratgan holda, informatika va axborot texnologiyalari boʻyicha maktab va oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarini modernizatsiya qilish zarur. Sababi, xalqaro ekspertlarning fikriga koʻra, IT-taʼlimga sarflangan har bir dollar mamlakat iqtisodiyotiga 10 dollargacha foyda keltiradi.
Malayziyada 2016-yil avgust oyida ishga tushirilgan MyDigitalMaker dasturi yoshlarni raqamli texnologiyalarning oddiy foydalanuvchilaridan raqamli iqtisodiyotning faol ishtirokchilariga aylantirishga muvaffaq boʻlgan[10].
Uchinchidan. Aholining raqamli savodxonligini oshirish uchun mobil ilovalarni ishlab chiqish va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash. Aholining raqamli savodxonligini oshirish uchun bazaviy raqamli koʻnikmalar, internet xavfsizligi, davlat xizmatlari va onlayn taʼlimga yoʻnaltirilgan oʻzbek tilidagi mobil ilovalarni ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Bu, ayniqsa, faqat oʻzbek tilida gaplashadigan va texnologiyalardan foydalanish imkoniyati cheklangan qishloq aholisi, ayollar va keksalar uchun muhimdir.
Shu bilan birga, mahalliy dasturchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlarini ishga tushirish, mahalliylashtirilgan ilovalarni yaratishni ragʻbatlantirish uchun IT Park Uzbekistan orqali grantlar va soliq imtiyozlarini taqdim etish, resurslarni shakllantirishga koʻmaklashish maqsadga muvofiq.
Janubiy Koreyada Digital Literacy Program dasturi raqamli koʻnikmalar, jumladan, sunʼiy intellekt va internet xavfsizligini koreys tilida oʻrgatish uchun mahsus ilovalarni (masalan, K-MOOC) yaratdi.
Hindistonda Digital India dasturi mahalliy tillardagi ilovalarni yaratish orqali raqamli savodxonlikni 20 foizga oshirishga muvaffaq boʻldi. 2015-yil 1-iyulda boshlangan “Raqamli Hindiston” (Digital India) dasturi umumiy raqamli savodxonlikni oshirish, qishloq hududlarini yuqori tezlikdagi internet tarmoqlariga ulash, xavfsiz va barqaror raqamli infratuzilmani rivojlantirishni nazarda tutadi[11].
Toʻrtinchidan. Estoniyaning muvaffaqiyatli tajribasiga asoslanib, maktablar, oliy taʼlim va tibbiyot muassasalari, kutubxonalar, istirohat bogʻlari va madaniyat muassasalarida ulanish va foydalanish (abonent toʻlovi) xarajatlarini subsidiyalash orqali bepul Wi-Fi zonalarini tashkil etish va rivojlantirish. Bunda, elektr taʼminoti barqaror boʻlmagan qishloq joylardagi Wi-Fi nuqtalarini quvvatlantirish uchun quyosh panellaridan foydalanishni nazarda tutish.
Estoniya Tiigrihüpe (1996-2000) dasturi doirasida barcha maktablarni, shu jumladan qishloq maktablarini ham internetga uladi va kompyuterlar bilan jihozlab, raqamli savodxonlikka asos soldi. 2020-yilga kelib, mamlakat 1100 dan ortiq bepul Wi-Fi zonalarini yaratdi va hududning 98 foizini simsiz internet bilan taʼminladi, bu esa Estoniyani Yevropa Ittifoqida internet foydalanuvchilari soni boʻyicha yetakchi va internet erkinligi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻringa chiqardi (Freedom House, 2024) [12].
Xulosa qilib aytganda, raqamli tafovutni minimallashtirish telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, taʼlim dasturlarini isloh qilish, raqamli savodxonlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va raqamli xizmatlar bozorida raqobatni ragʻbatlantirishni oʻz ichiga olgan tizimli yondashuvni talab qiladi. Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, aniq strategik rejalashtirish va aholining zaif qatlamlariga eʼtibor qaratish orqali cheklangan resurslar bilan ham sezilarli natijalarga erishish mumkin.
[1] https://api.siat.stat.uz/media/uploads/sdmx/sdmx_data_1270.xlsx
[2] https://api.siat.stat.uz/media/uploads/sdmx/sdmx_data_1268.xlsx
[3] https://www.speedtest.net/global-index/uzbekistan
[4] https://openknowledge.worldbank.org/server/api/core/bitstreams/95fe55e9-f110-4ba8-933f-e65572e05395/content
[5] https://uzbekistan.un.org/sites/default/files/2022-05/Edu%20Sit%20An_UNICEF%202022_0.pdf
[6] https://www.adb.org/publications/asian-development-policy-report-2025
[7] Promoting investment in support of Uzbekistanʼs digital transformation, OECD
[8] https://www.adb.org/sites/default/files/publication/1050686/asian-development-policy-report-2025.pdf
[9] https://openknowledge.worldbank.org/server/api/core/bitstreams/95fe55e9-f110-4ba8-933f-e65572e05395/content
[10] https://mdec.my/ms/mydigitalmaker#mydigitalmaker_intro
[11] https://www.iksmedia.ru/news/5953829
[12] https://courier.unesco.org/ru/articles/pribaltiyskiy-cifrovoy-tigr