• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTON–LATVIYA HAMKORLIGI: MAHALLIY HOKIMIYAT BOSHQARUVIDA ILGʻOR TAJRIBALAR ALMASHINUVI

Yevropa mamlakatlarida davlat boshqaruvi hamda mahalliy hokimiyat tizimini tashkil etish boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi navbatdagi tashrifi Latviya Respublikasiga boʻldi. Mazkur tashrif Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori moliyaviy koʻmagida tashkil etildi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari, Xalq deputatlari Fargʻona viloyati hamda Toshkent shahar Kengashlari deputatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari tashrif doirasida Latviya parlamenti, shahar va tuman hokimiyatlari, shuningdek mahalliy hokimiyatlar uyushmalari rahbariyati bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdilar.

Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Latviya mahalliy hokimiyat va hududiy boshqaruv uyushmasi (Latvian Association of Local and Regional Governments — LALRG) rahbariyati bilan uchrashdi. Uyushma raisi Gints Kaminskis va bosh kotib Mudite Yuxna bilan boʻlib oʻtgan muloqotda mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirish, mahalliy kengashlar va ijro hokimiyati organlari oʻrtasidagi munosabatlarni samarali muvofiqlashtirish masalalari keng muhokama qilindi.

Maʼlumot oʻrnida: Latviya mahalliy hokimiyat va hududiy boshqaruv uyushmasi 1991-yilda tashkil etilgan. Uyushma Latviya shahar va tumanlarini birlashtirgan holda, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish siyosati va tizimini rivojlantirish, hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Uchrashuv chogʻida davlat xizmatchilarining masʼuliyat va vakolatlarini aniq taqsimlash, samarali hisobdorlik va jamoatchilik nazorati tizimlari, ortiqcha maʼmuriy aralashuvning oldini olish boʻyicha amaliy mexanizmlar koʻrib chiqildi.

Delegatsiyaning navbatdagi uchrashuvi Riga shahar hokimligi boʻldi. Shahar hokimligi ijrochi direktori Yannis Lange bilan suhbat chogʻida poytaxt shahar boshqaruvining zamonaviy modeli, davlat xizmatlarini koʻrsatishda shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlash usullari, mahalliy organlar oʻrtasida vakolatlar taqsimoti va masʼuliyat chegaralarini aniq belgilash boʻyicha tajribalari oʻrganildi.

Oʻzbekiston tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, mahalliy kengashlar rolini kuchaytirish, ijro hokimiyati samaradorligini oshirish va aholi oldida hisobdorlikni mustahkamlashga qaratilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

Ushbu davlatning Yurmala shahri, shuningdek, Latviya parlamenti (Seymi)da boʻlib oʻtgan muloqotlarda shahar hokimi oʻrinbosari va ijrochi direktori hamda parlament aʼzolari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda mahalliy kengash va ijro hokimiyati oʻrtasidagi hamkorlik, masʼuliyat taqsimoti, nazorat va hisobdorlik tizimlari, jamoatchilik bilan ochiq muloqot hamda mahalliy ijro hokimiyati boshqaruvida parlamentning roli, qonunchilik orqali joylardagi oʻzini oʻzi boshqarish tizimini rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi.

– Tashrif davomida olingan tajribalar Oʻzbekistonda mahalliy boshqaruv tizimini isloh qilish, aholi manfaatlariga yaqin, ochiq va hisobdor boshqaruvni yoʻlga qoʻyish jarayonlarida asqotishi shubhasiz, – deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Delegatsiyamiz bilan ikki davlat ekspertlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish va Latviya davlatining davlat boshqaruvi hamda mahalliy hokimiyat tizimini tashkil etish boʻyicha ilgʻor tajribalarini Oʻzbekistonda qoʻllab koʻrish, oʻzimizning sharoitga muvofiq moslashtirish boʻyicha yoʻnalishlarni belgilab oldik. Oʻylaymanki, bu kabi ilgʻor tajribalar kelgusida mamlakatimiz boshqaruvi, xalq bilan davlat oʻrtasidagi oʻzaro muloqotni yanada rivojlantirish, umuman jamiyatimiz taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati