• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

FARGʻONA TINCHLIK FORUMI MINTAQAVIY MULOQOTNI MUSTAHKAMLASH MAYDONI BOʻLDI

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 15-16-oktyabr kunlari Fargʻona shahrida “Fargʻona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yoʻlida birdamlik” mavzusida birinchi tinchlik forumi boʻlib oʻtdi.

Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida muloqot, ishonch va hamkorlikning yangi mintaqaviy maydoniga aylangan ushbu forumda mintaqadagi tinchlik va barqarorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi, YXHT, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, qator xalqaro va milliy hamkorlar tomonidan tashkil etildi. Anjumanda MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlarining yetakchi “aql markazlari” ekspertlari, shuningdek, Tojikistonning Sugʻd viloyati va Qirgʻiz Respublikasining Botken viloyati rahbarlari hamda Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati, biznes, akademik doiralari va yoshlar faollari ishtirok etdi.

Oʻzaro muloqot, ishonch, yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash va Fargʻona vodiysini rivojlantirishning umumiy strategiyasini ishlab chiqish uchun doimiy faoliyat yurituvchi platformani yaratish Forumning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Tadbirning ochilish marosimida Birinchi Fargʻona tinchlik forumi Markaziy Osiyoda yangi anʼananing – tajriba almashish, qoʻshma tashabbuslarni ishlab chiqish va mintaqaviy birdamlik gʻoyalarini ilgari surishga qaratilgan uch mamlakat vakillarining yillik uchrashuvlarining boshlanishi sifatida eʼtirof etildi.

– Avvalo, shuni aytish kerakki, Fargʻona birinchi tinchlik forumi shu yil bahorda Sugʻdda uch davlat rahbarlari imzolagan “Doʻstlik deklaratsiyasi”ga monand tarzda oʻtkazilmoqda, – deydi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Eduarde Stiprays. – Forum uch davlatning yagona tinchlik maydonini yaratdi. Masalan, Yevroittifoq ham shu kabi muloqotlardan boshlangan edi. Fargʻonadagi forum kelajakda Markaziy Osiyo ittifoqi kabi siyosiy tuzilmaga asos boʻlishi mumkin deb oʻylayman. Chunki uning ishtirokchilari mamlakatlar, xalqlarning birlashish istagi, shu yoʻldagi saʼy-harakatlarini bayon etmoqdalar. Bunday birlik, albatta, davlatlar miqyosida hal etiladi. Ammo Fargʻona birinchi tinchlik forumi shu yoʻldagi muhim qadam deb oʻylayman.

Bugun mintaqadagi davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli davlatlararo chegaralar asta-sekin hamkorlik koʻpriklariga, ilgari odatda ziddiyat va keskinliklar bilan esga olingan Fargʻona vodiysi esa Markaziy Osiyoning yangi davri ramzi – ishonch va muloqot maskaniga aylanayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi.

Forumda mintaqadagi tinchlik va barqarorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishning dolzarb masalalari oʻnga yaqin sessiyalarda muhokama qilindi. Jumladan, forumning “Markaziy Osiyo xususiy sektorining mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdagi hissasi” mavzusiga bagʻishlangan sessiyasi Oʻzbekiston tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Qirgʻizistonning Xalqaro ishbilarmonlar kengashi bilan hamkorlikda boʻlib oʻtdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorligida olib borilgan mazkur sessiyada Xalqaro ishbilarmonlar kengashi ijrochi direktori Askar Sadikov, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining oʻrinbosari Dilshod Rasulov, Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov, Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati Savdo-sanoat palatasi rahbari oʻrinbosari Jusupmurat Turdimatov hamda Tojikistonning Sugʻd viloyati Savdo-sanoat palatasi bosh direktori oʻrinbosari Murodjon Umarovlar maʼruza bilan ishtirok etdilar.

Muhokamalarda Markaziy Osiyo davlatlarida xususiy sektorning barqaror iqtisodiy oʻsishdagi roli, mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlashdagi ahamiyati, chegaraoldi tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish va yoshlar, ayollar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlari uchun ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan inklyuziv biznes modellarini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Soʻzga chiqqan ekspertlar Fargʻona vodiysi bilan chegaradosh mamlakatlarning iqtisodiy integratsiyasi boʻyicha umumiy qarashlar, qoʻshma korxonalar sonini koʻpaytirish hududning iqtisodiy rivojlanishi bilan birga, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi, bu esa oʻz navbatida, mintaqada tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning asosiy omillaridan biri ekanini taʼkidlashdi.

Umuman olganda, forumda soha mutaxassislari, jamoatchilik faollari va xalqaro ekspertlar mintaqaviy hamkorlik, iqlim oʻzgarishi va barqaror rivojlanish boʻyicha oʻzaro tajriba va fikr almashdilar.

Ikki kunlik xalqaro tadbir natijasida Fargʻona tinchlik forumi chin maʼnoda tinchlik, birdamlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlash yoʻlida amaliy gʻoya va istiqbolli tashabbuslar uchun muhim minbarga aylandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati