• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“TALABALAR MOBILLIGI UCHUN GLOBAL AKADEMIK HAMKORLIK” BIRINCHI SAMMITI OʻTKAZILMOQDA

2025-yil 27–28-oktyabr kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Janubiy Koreyaning nufuzli Kyungdong universiteti bilan birgalikda “Talabalar mobilligi uchun global akademik hamkorlik” Birinchi sammiti boʻlib oʻtmoqda.

Xalqaro sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yigirmadan ortiq yetakchi oliy taʼlim muassasalari rahbariyati vakillari ishtirok etmoqda.

Shuningdek, AQSH, Finlyandiya, Bangladesh, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Pokiston, Peru, Tanzaniya, Uganda, Kanada, Turkmaniston, Ekvador, Rossiya Federatsiyasi, Afgʻoniston, Meksika, Yaponiya, Janubiy Sudan, Mongoliya, Belarus va Xitoy kabi mamlakatlardan 60 dan ortiq nufuzli oliygohlar rahbarlari, rasmiy delegatsiya vakillari qatnashmoqda.

Xalqaro tadbirda asosiy eʼtibor oliy taʼlim muassasalari talabalarining global akademik mobilligini chegara bilmas darajada rivojlantirish, taʼlim olish imkoniyatini yanada kengaytirish orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, bu yoʻlda koʻp tomonlama xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarga qaratilgan.

Sammitning yalpi majlisida soʻzga chiqqan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov mamlakatning uzoq muddatli islohotlar yoʻnalishini belgilovchi muhim hujjati – “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida oliy taʼlim tizimiga alohida eʼtibor qaratilganligini qayd etdi.

Jumladan, Strategiyada оliy taʼlim bilan qamrovni kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish, barcha yoʻnalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni va innovatsion tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, oliy taʼlim muassasalarini xalqaro reytinglardagi oʻrnini oshirish, talabalarning bilim va koʻnikmalarini bozor talablariga mos ravishda shakllantirish, shuningdek, raqamli taʼlim texnologiyalarini keng joriy etish vazifalari belgilangan. Bu orqali Oʻzbekistonda zamonaviy bilimli, ilmiy salohiyatga ega va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga keng yoʻl ochilishi koʻzda tutilgan.

Mazkur sammit ilm-fan va taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda akademik integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan yirik muloqot maydoni sifatida oʻz ishini davom ettirmoqda.

Tadbir ishtirokchilari taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi dolzarb masalalarni muhokama qilish orqali kelgusidagi global hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash, ilmiy bilim va tajriba almashish jarayonlarini samarali tashkil etish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda.

Sammit doirasida akademik mobillik, sunʼiy intellekt, energetika taʼlimi, yashil iqtisodiyot, agroinnovatsiyalar va inklyuziv taʼlim sohalaridagi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

Taʼkidlash joizki, TDIU va Kyungdong universiteti oʻrtasidagi uzoq yillik hamkorlik doirasida har oʻquv yilida 60 nafar TDIU talabalari uchun taʼlim grantlari ajratilgan. Shuningdek, yil davomida 20 dan ortiq professor-oʻqituvchi Kyungdong universiteti qoshida malaka oshirish kurslarini oʻtash imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

Oʻtkazilayotgan “Talabalar mobilligi uchun global akademik hamkorlik” Birinchi sammiti Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, global ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va taʼlim orqali barqaror taraqqiyot maqsadlariga xizmat qilishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati