• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XITOYLIK TADBIRKORLARNING HAMKORLIK SAFARI BUXORODA DAVOM ETDI

Avval xabar qilinganidek, bir guruh xitoylik investor va tadbirkorlarning takliflari hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan ularning Oʻzbekistonga tashrifi Buxoro viloyatida davom etdi. Tashrif doirasida viloyatda bir qator muhim uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.

Xususan, Buxoro viloyati hokimligida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi masʼul xodimlari, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Botir Ahmedov ishtirokida xitoylik ishbilarmon doira vakillari bilan muloqot oʻtkazildi. Uchrashuv davomida mehmonlarga viloyatda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalarda xorijiy investorlarga qator soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilayotganligi haqida maʼlumot berildi. Qayd etilganidek, investitsiya hajmiga qarab, investorlar 3-yildan 10-yilgacha yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, foyda soligʻi va uskunalar importi uchun bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.

Shuningdek, Buxoro viloyatiga tashrif davomida xitoylik tadbirkorlar bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida biznes uchrashuvlari va davra suhbatlari oʻtkazildi.

Ushbu muloqotlar davomida Buxoro viloyatining sanoat, qishloq xoʻjaligi, logistika va xizmat koʻrsatish sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi. Xitoy delegatsiyasi aʼzolariga qator amaliy investitsion takliflar taqdim etilib, oʻzaro manfaatli hamkorlik koʻrinishlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida savdo-iqtisodiy va moliyaviy-investitsion hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Jumladan, 2024-yil yakuniga kelib, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard AQSH dollariga yetgan. Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etgan. Joriy yilda esa bu borada yanada salmoqli loyiha va biznes tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz hududlarida qoʻshma texnoparklar va maxsus industrial zonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, jumladan, avtomobilsozlik, elektromobillarni ishlab chiqarish bilan birga “yashil” energetika, neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, metallurgiya, togʻ-kon, toʻqimachilik, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida hamda logistika, “smart” qishloq xoʻjaligi, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish sohalarida istiqbolli loyihalar roʻyobga chiqarilayotgani ikki tomonlama teng manfaatli hamkorlikka zamin yaratmoqda.

Oʻzbekiston va Xitoyni azaldan Buyuk Ipak yoʻlining uzviy rishtalari bogʻlab kelgan. Bugungi kunda “Bir makon – bir yoʻl” tashabbusi doirasida hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilib, turli sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlik yanada rivojlantirilmoqda. Yurtimizga xitoylik sayyohlar oqimini inobatga olgan holda zamonaviy mehmonxonalar, sayyohlik infratuzilmalari va parklar qurish boʻyicha hamkorlik loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, Buxoro viloyatiga safar davomida tashkil etilgan “B2B” formatidagi uchrashuvlarda sanoat zonalaridagi infratuzilma imkoniyatlari, yangi loyihalar uchun ajratilgan yer maydonlari, soliq va bojxona imtiyozlari, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar uchun qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Delegatsiya aʼzolari Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan qator qoʻshma korxonalarda boʻlib, ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot turlari va eksport bozorlari bilan tanishdilar. Mehmonlarga sanoat zonalarida mavjud logistik yechimlar, muhandislik tarmoqlari, elektr va suv taʼminoti hamda yangi sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida amaliy maʼlumotlar berildi.

Uchrashuvlar davomida xitoylik tadbirkorlar Buxoro viloyatidagi biznes muhiti, infratuzilmaning rivojlanishi va davlat tomonidan berilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini yuqori baholadilar. Delegatsiya vakillarining aksariyati oʻz sohalari boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etish va texnologik qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati