• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OZARBAYJONDA NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTLARINING BIRDAMLIK FORUMI BOʻLIB OʻTMOQDA

Joriy yilning 23–26-noyabr kunlari Ozarbayjonda “Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar nodavlat notijorat tashkilotlarining birdamlik forumi” boʻlib oʻtmoqda. Ushbu forum mezbon mamlakatning Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat qoʻllab-quvvatlash agentligining yillik faoliyat rejasiga muvofiq tashkil etilgan.

Forumda Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aʼzo davlatlar — Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hamda kuzatuvchi davlatlar — Vengriya, Turkmaniston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Jamshid Sharipov ham qatnashmoqda.

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar nodavlat notijorat tashkilotlarining Birdamlik forumi — turkiy dunyoda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, aholining jamoatchilik faolligini kuchaytirish va mamlakatlar oʻrtasidagi gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan muhim platformadir.

TDTga aʼzo davlatlar NNTlari oʻrtasida tajriba, bilim va innovatsion gʻoyalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, yoshlar siyosati, taʼlim, atrof-muhitni muhofaza qilish, xotin-qizlar huquqlari, ijtimoiy himoya va insonparvarlik yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlar ishlab chiqish, madaniy va maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash orqali xalqlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va birdamlikni oshirish — mazkur forumning asosiy maqsadidir.

Forumning ahamiyati shundaki, insonparvarlik yoʻnalishida oʻzaro hamkorlik kuchayadi. NNTlar faoliyatidagi mushtaraklik orqali turkiy davlatlar aholisi uchun moʻljallangan ijtimoiy loyihalar samaradorligi oshadi. Forum fuqarolik jamiyatlari oʻrtasidagi muloqotni kuchaytiradi, aholining ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytiradi. Mamlakatlar oʻrtasidagi strategik hamkorlik mustahkamlanib, nafaqat davlatlar, balki fuqarolik jamiyatlari va NNTlar oʻrtasidagi muloqot ham chuqurlashadi. Shu bilan birga, ekologik muammolar, migratsiya, ijtimoiy tengsizlik kabi global masalalarda qoʻshma yechimlar ishlab chiqiladi.

Anjuman dasturiga koʻra, forumning dastlabki tadbirlari Ozarbayjonning Boku va Naxchivon shaharlariida oʻtkaziladi. Forumning ochilish marosimida ishtirokchilarga turkiy davlatlar oʻrtasidagi tarixiy rishtalar, mushtarak qadriyatlar va yaqin hamkorlikni aks ettiruvchi, munosabatlarni rivojlantirish yoʻli hamda istiqbollarini koʻrsatib beruvchi videorolik namoyish etildi. Shundan soʻng mamlakat prezidenti Ilhom Aliyevning murojaati oʻqib eshittirildi.

Tadbirda turli dolzarb masalalar, jumladan Zangezur yoʻlagi haqida ham soʻz bordi. Forum doirasida oʻtkazilgan “Zangezur yoʻlagi: turkiy geografiyani bogʻlovchi koʻprik” mavzusidagi panelda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi raisi Bobur Bekmurodov Zangezur yoʻlagining iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, tranzit imkoniyatlarini kengaytirish va mintaqada barqaror tinchlikni taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

2025-yilda TDTning 12-sammitiga mezbonlik qilgan Ozarbayjon ushbu forumni turkiy dunyo boʻylab fuqarolik jamiyati vakillari oʻrtasida oʻz vaqtida birdamlik va hamjihatlik ruhini yanada mustahkamlashga qaratilgan mazmunli tashabbus sifatida baholaydi.

“Tarаqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati