
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori
Joriy yil 23-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp oʻrtasida boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqot ikki davlat munosabatlarida izchillik va barqarorlik mustahkam oʻrin olganini yana bir bor tasdiqladi. Ushbu muloqot mazmun-mohiyati bilan faqat navbatdagi diplomatik aloqa emas, balki Oʻzbekiston – AQSH sherikligi sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanini koʻrsatdi.
Suhbat yakuni AQSH Prezidenti tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston — AQSH munosabatlariga “yuqori darajada” deb berilgan baho bilan yanada mustahkamlandi. Bu eʼtirof yetakchi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Eng muhim jihat shundaki, muloqot davomida avval erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi atroflicha muhokama qilinib, strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan aniq ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Bu esa Oʻzbekiston — AQSH munosabatlarining deklarativ bayonotlar doirasidan chiqib, institutsional va iqtisodiy jihatdan mustahkamlangan barqaror hamkorlik modeliga oʻtayotganini koʻrsatadi.
Soʻnggi yillarda davlat rahbarlari darajasidagi siyosiy muloqotning faollashuvi oʻzaro ishonch muhitini shakllantirib, iqtisodiy va investitsiyaviy qarorlar qabul qilish uchun mustahkam siyosiy poydevor hozirladi. Bugun AQSH Oʻzbekiston uchun texnologiyalar, sarmoya, innovatsiyalar va inson kapitali sohalarida muhim strategik sherik sifatida namoyon boʻlmoqda
Amerika kompaniyalari ishtirokida turli sohalarda amalga oshirilayotgan yirik qoʻshma loyihalar investitsiya hajmini oshirish bilan birga, mahalliy ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar zanjirini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda hududlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik mexanizmlarining yoʻlga qoʻyilishi iqtisodiy diplomatiyani markazdan joylargacha kengaytirib, viloyatlar darajasida yangi investitsiya va sanoat loyihalarini ilgari surish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochmoqda. Bu esa islohotlarning faqat markaziy darajada emas, balki hududlar boʻyicha ham chuqurlashib borayotganini koʻrsatadi.
Hozirgi bosqichda Oʻzbekiston — AQSH hamkorligidagi qator strategik yoʻnalishlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Birinchidan, infratuzilma va tranzit salohiyati masalasi. Dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmasa-da, Oʻzbekiston mintaqadagi muhim transport-logistika tarmogʻidir. AQSH bilan hamkorlik Transkaspiy yoʻlagini rivojlantirish, “Sharq — Gʻarb” transport yoʻlaklarini kengaytirish, temir yoʻl va port infratuzilmasini integratsiyalashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, qayta tiklanuvchi energiya va sanoat modernizatsiyasi. Oʻzbekiston 2030-yilgacha energiya balansida qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 50 foizdan oshirishni maqsad qilgan. Quyosh va shamol energetikasi, energiyani saqlash texnologiyalari hamda vodorod yechimlari boʻyicha AQSH bilan hamkorlik sanoatni yangi texnologik bosqichga olib chiqishi mumkin.
Uchinchidan, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash masalasi. Bu xomashyo eksportidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga oʻtish, qoʻshilgan qiymat zanjirini mamlakat ichida shakllantirish, yangi ish oʻrinlari ochish va texnologik mustaqillikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, qiymat mamlakat ichida qolishi lozim.
Toʻrtinchidan, inson kapitali. “Inson kapitali — eng katta sarmoya” tamoyili Oʻzbekiston — AQSH hamkorligida alohida oʻrin tutadi. AQSH universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va davlat boshqaruvi institutlari bilan hamkorlik mamlakatimiz uchun zamonaviy bilim, ilgʻor tajriba va raqobatbardosh kompetensiyalar bazasini shakllantirishda gʻoyat muhim.
Shu bilan birga, xavfsizlik masalalari ham kun tartibidan tushgani yoʻq. Afgʻonistondagi vaziyat mintaqaviy barqarorlikka bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Bu borada AQSH bilan muloqot va hamkorlik mintaqada xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirishga ijobiy hissa qoʻshishi mumkin.
Oliy darajadagi telefon orqali muloqot Oʻzbekiston — AQSH munosabatlari chuqur mazmunga ega ekani, strategik barqarorlik va aniq amaliy natijalarga qaratilgan sheriklikka aylanganini yana bir bor namoyon etdi. Bu munosabatlar endi faqat siyosiy muloqot bilan cheklanib qolmay, iqtisodiy oʻsish, texnologik yangilanish va inson taraqqiyotiga xizmat qiladigan uzoq muddatli hamkorlik modeli sifatida shakllanib bormoqda.