• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
ISTIQBOL YO‘LI UCHUN YANGI CHIZGILAR
2052 | 13 Yan. 2026 y.

                                                                                                «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi nega takomillashtirilmoqda?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida o‘tgan davrda mamlakatimizda erishilgan ulkan natijalar, istiqbol uchun belgilanayotgan yangi ustuvor vazifalar «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotganini, yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi zarurligini ta’kidlagan edi.

Shundan kelib chiqib, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining takomillashtirilgan loyihasining jamoatchilik muhokamasi e’lon qilindi. «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor TULYAKOV bilan suhbatimiz amaldagi Strategiyada belgilangan vazifalar ko‘lami, o‘tgan davr mobaynida bajarilgan ishlar, erishilgan natijalar, shuningdek, uni takomillashtirish zarurati va ko‘zda tutilayotgan masalalar xususida bo‘ldi.

– Eldor Sobirjonovich, 2023-yil 11-sentyabr kuni Prezident farmoni bilan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi qabul qilingan edi. Mana, ikki yildirki, ushbu hujjatda belgilangan vazifalar to‘la-to‘kis bajarilib kelinmoqda. Qayd etish kerakki, bu hujjat juda keng qamrovli bo‘lib, ijtimoiy turmushning barcha jabhalarini o‘z ichiga olgan. Ayting-chi, nima sababdan ushbu hujjat yangi tahrirda qabul qilinib, hayotga joriy etilishi zarur?

– «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi mamlakat taraqqiyotida sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab bergan muhim strategik hujjat hisoblanadi. Unda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq ravishda inson qadrini yuksaltirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va xalq xizmatiga yo‘naltirilgan davlatni barpo etish asosiy ustuvor maqsadlar sifatida belgilandi.

Biroq bugungi kunda jahonda yuz berayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro bozorlardagi tebranishlar, sanoat va texnologiyalarning keskin rivojlanishi, energiya bozorlaridagi transformatsiya, global ta’minot zanjirlarining qayta shakllanishi mamlakatimizda ham yangi yondashuvlarni talab etmoqda.

Birgina misol, yurtimizda aholi soni tez sur’atlarda o‘sishi, xususan, 2023-yilda doimiy aholi soni 36,7 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, 2030-yilga borib, 41 milliongacha oshishi prognoz qilingani, urbanizatsiya jarayonlari, bandlik va daromadlar masalalari yangi strategik yondashuvlarni taqozo etmoqda. Bilim va innovatsiyalarga tayaniladigan bugungi global raqobatda «raqamli iqtisodiyot», sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar boshqaruvi kabi sohalarni rivojlantirish asosiy masalaga aylandi.

Shuningdek, «Maqsad – harakat – natija» zanjiriga asoslangan mutlaqo yangi strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etilgani «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini yangi talablar asosida takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Strategiyani amalga oshirishning dastlabki bosqichida to‘plangan amaliy tajriba shuni ko‘rsatdiki, ayrim maqsad va vazifalarni yanada aniqlashtirish, ularni yillar kesimida rejalashtirish, moliyalashtirish manbalari hamda ijro uchun mas’uliyatni ochiq belgilash zarurati mavjud. Jamoatchilik muhokamalari, hududlardan kelib tushgan takliflar va ijro jarayonida aniqlangan omillar strategiyani takomillashtirishga bo‘lgan ehtiyojni yanada kuchaytirdi.

Takomillashtirilayotgan «O‘zbekiston –2030» strategiyasining asosiy maqsadi «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan g‘oyani amaliy mazmun bilan boyitgan holda, mamlakatning o‘rta muddatga mo‘ljallangan rivojlanish yo‘lini yanada samarali, salmoqli natijalarga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishdir. Shu nuqtayi nazardan, amaldagi strategiya doirasida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar hisobga olinmoqda hamda aniq o‘lchash va  baholash imkonini ta’minlash uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Yana bir muhim jihat – strategiya fuqarolar uchun tushunarli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har bir inson undan o‘z hayoti, oilasi va farzandlari kelajagi uchun qanday amaliy foyda borligini ko‘ra olsin. Ya’ni strategiya umumiy shiorlar emas, balki kundalik hayotda seziladigan aniq o‘zgarishlar manbai bo‘lishi lozim. Strategiyada belgilangan o‘rta muddatli maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari yangi iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik chaqiriqlarga mos ravishda yangilanmoqda. Shuningdek, ijroni monitoring qilish tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflikni ta’minlash, qaror qabul qilishda aniq ma’lumotlarga tayanish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan barcha strategik hujjatlarni «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu davlat siyosatining yaxlitligi va natijaviyligini ta’minlaydi.

Eng muhim prinsipial jihatlardan biri – strategiyaning xalq bilan maslahatlashuv asosida takomillashtirilishidir. Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, aholi, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlarining takliflari inobatga olinadi. Chunki faqat jamoatchilik fikrini o‘zida aks ettirgan hujjatgina hayotiy va samarali bo‘lishi mumkin.

– «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida mamlakatni daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Yangilanayotgan strategiyada «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar kelgusida ekologiya va atrof-muhit holatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan tizimli islohotlar mamlakat iqtisodiyotini barqaror o‘sish trayektoriyasiga olib chiqdi. Tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar 43,1 milliard dollarga, eksport hajmi 33,4 milliard dollarga, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollarga yetdi. Ishsizlik 4,9 foizgacha, kambag‘allik darajasi esa 5,8 foizgacha qisqardi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiy siyosatining izchilligi va islohotlarning samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Biroq jahonda kechayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro bozorlardagi beqarorlik, geoiqtisodiy xatarlar va texnologik inqilob O‘zbekistondan yangi yondashuvlarni talab etmoqda.

Yangilangan strategiyada yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga (160 milliard dollar), aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 5 800 dollarga (4000 dollar) yetkazish, inflyatsiyani 5-6 foiz darajasida ushlab turish va davlat qarzini YAIMga nisbatan 50 foizdan oshirmaslik aniq majburiyat sifatida belgilab qo‘yilgan. Dunyoda global iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi tobora kuchayib borayotganini inobatga olgan holda, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining yangilangan tahlilida «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy quvvatini 25 ming MVtga yetkazish, ularning elektr energiyasi generatsiyasidagi ulushini 40 foizdan 54 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu energiya ishlab chiqarishda zararli chiqindilarni kamaytirish va havo ifloslanishini qisqartirishga xizmat qiladi. Shuningdek, issiqxona gazlari intensivligini 2010-yil darajasiga nisbatan 35 foizga (30 foiz) qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, transport sohasida ekologik toza va innovatsion texnologiyalarni joriy etish doirasida yengil avtomobillar segmentida elektromobillar ulushini 10 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar orqali shahar muhitida havo sifatini yaxshilash, yoqilg‘i iste’molini kamaytirish hamda mamlakatning ekologik barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsad qilingan. Unga erishish natijasida iqtisodiyotda yangi ish o‘rinlari yaratilishi jadallashib, ishsizlik darajasi pasayadi, aholining mehnat bozoridagi faolligi va ijtimoiy barqarorlik mustahkamlanadi.

– Takomillashtirilayotgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ekologiya va atrofmuhitni muhofaza qilish yo‘nalishida qanday yangi yondashuvlar nazarda tutilgan hamda atmosfera havosini muhofaza qilish, oqova suvlarni tozalash, ko‘chat ekish, yerlarni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar amaldagi strategiyasidan qay jihatlari bilan farq qiladi?

– Ekologiya va atrof-muhit sohasida ham sezilarli farqlar mavjud. Shu bois, ekologik masalalarga aholi salomatligi, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlik bilan uzviy bog‘langan holda qaralmoqda. Atmosfera havosining ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklarni kamaytirish, ekologik xavflarni pasaytirish va sog‘liqni saqlash hamda ekologiya sohalari o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish yangi yondashuv sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, atrof-muhitga oqova suv chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi tashkilotlarda lokal oqova tozalash inshootlari qurilishi va rekonstruksiya qilinishi amaldagi Strategiyada 249 ta korxonada belgilangan bo‘lsa, yangilanayotganida 425 tani tashkil etadi. Shuningdek, atrof-muhitga ta’siri yuqori korxonalar zimmasiga ko‘chatlar ekib, «yashil belbog‘»lar barpo etish vazifasi yuklatilgan. Joriy hujjatda 30 million, tahrir qilinayotganida esa 50 million tup ko‘chat ekish belgilangan. Hududlarda yerlarni eroziyadan va melioratsiya obyektlarini qum ko‘chishidan saqlash uchun ihota daraxtzorlar maydonini amaldagi 26 200 gektardan 30 055 gektarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, respublikada suvdan oqilona foydalanish dolzarb masalaga aylanmoqda. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilab sug‘orish texnologiyasini 2030 yilga qadar 600 ming gektargacha yetkazish belgilangan bo‘lsa, endilikda har yili 500 ming gektarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

– Yangilanayotgan hujjatda davlat boshqaruvi tizimini aholi manfaatlariga xizmat qiladigan, ochiq va raqamlashgan tizimga aylantirish maqsadida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qanday islohotlar nazarda tutilgan hamda kompozit va proaktiv xizmatlar hamda tartibtaomillarni soddalashtirish bo‘yicha belgilangan yangi ko‘rsatkichlar amaldagi strategiyadan qay jihatlari bilan farq qiladi?

– Mazkur loyihada davlat boshqaruvi tizimini aholi ehtiyojlariga mos, shaffof, raqamlashgan va samarali mexanizmga aylantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu borada, eng avvalo, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda jismoniy va yuridik shaxslarning bitta murojaati asosida vakolatli organlar tomonidan ko‘rsatiladigan ikki va undan ortiq davlat xizmatlari majmuasi hisoblangan kompozit davlat xizmati yoki jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarisiz vakolatli organlar tashabbusi bilan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini tashkil qiladigan proaktiv davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda 90 dan ortiq xizmatni proaktiv va kompozit shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Amaldagi strategiyada bunday xizmatlar sonini 40 taga oshirish belgilangan bo‘lsa, yangilanayotgan strategiya loyihasida 400 tagacha yetkazilishi nazarda tutilmoqda. Natijada fuqarolarning davlat organlariga qayta-qayta murojaat qilishiga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi, xizmatlarni avtomatik tarzda, inson omilisiz olish imkoniyatlari kengayadi hamda vaqt va xarajatlar tejaladi.

Qolaversa, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonidagi ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish masalasiga ham ustuvor ahamiyat berilgan. Amaldagi tahrirda 300 taga yaqin tartib-taomillarni soddalashtirish ko‘zda tutilgan, yangi tahrirda ushbu ko‘rsatkich 500 taga yaqin tartib-taomilni qamrab olishi belgilangan. Bu esa davlat xizmatlarining sifati va tezkorligini oshirishga, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Mazkur islohotlar davlat boshqaruvini «fuqaro uchun davlat» tamoyili asosida qayta tashkil etish, davlat xizmatlarini aholiga yaqinlashtirish hamda raqamli davlat modelini shakllantirishga mo‘ljallangan muhim qadam sifatida namoyon bo‘ladi.

Umuman olganda, yangilanayotgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi mamlakatni barqaror, raqobatbardosh va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat sifatida rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar davomiyligini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Unda global o‘zgarishlar, demografik o‘sish, texnologik taraqqiyot va jamiyat ehtiyojlari chuqur tahlil qilinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq maqsadlar, o‘lchab bo‘ladigan indikatorlar va amaliy mexanizmlar belgilab olinmoqda. Eng muhim jihati, strategiyani takomillashtirish jarayoni xalq bilan ochiq muloqot, jamoatchilik muhokamasi va fuqarolik jamiyati ishtirokida amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatlidir. Bu esa hujjatning hayotiyligi, samaradorligi va har bir fuqaro hayotida sezilarli natija berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda ushbu loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun uzbekistan2030.uz onlayn platformasiga joylashtirilgan. Hamyurtlarimiz loyiha bilan tanishib, «Fikr qoldirish» tugmasi orqali o‘z takliflarini yo‘llashlari mumkin. Zero, barcha yurtdoshlarimiz muhokamalarda faol ishtirok etishsa, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishsa, mazkur hujjatning yanada xalqchil bo‘lishiga hissa qo‘shgan bo‘lishardi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

«Ishonch» muxbiri
Anvar QULMURODOV
suhbatlashdi


5
Похожие новости