• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

BO‘STONLIQDA “O‘ZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASI BO‘YICHA JAMOATCHILIK MUHOKAMASI O‘TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida erishilgan ulkan yutuqlar, barqaror iqtisodiy o‘sish, aholi turmush darajasining oshishi hamda ijtimoiy sohada qo‘lga kiritilgan muhim natijalarni alohida ta’kidlab o‘tdilar. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari zamon talablari, global o‘zgarishlar va jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotganini qayd etdilar.

Prezident Murojaatnomasida ushbu strategik hujjat mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotini belgilab berishi, uni ishlab chiqish va takomillashtirish jarayoni esa keng jamoatchilik muhokamasi asosida, aholining fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini inobatga olgan holda amalga oshirilishi zarurligini alohida ta’kidladilar.

Shundan kelib chiqqan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish e’lon qilindi. Ushbu jarayon fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalliy kengashlar, mutaxassis va ekspertlarning faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, strategiya mazmunini hayotiy takliflar bilan boyitishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida amaldagi Strategiyada belgilangan vazifalar ijrosi, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan aniq natijalar va samaradorlik ko‘rsatkichlari, shuningdek, uni takomillashtirish zarurati hamda kelgusi davrda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan joylarda ham keng tushuntirish va muhokama ishlari olib borilmoqda.

Xususan, shu maqsadda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning Bo‘stonliq tumani aholisi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalar tahlil qilinib, uning asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsad va vazifalari, aholi farovonligini oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy soha, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar strategiyaning takomillashtirilgan loyihasini yanada mukammal qilish, uni aholi manfaatlariga yanada yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.