• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“O‘ZBЕKISTON – 2030” STRATЕGIYASI DOIRASIDA AHOLI SALOMATLIGI VA IJTIMOIY HIMOYANI TAKOMILLASHTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining “Aholi salomatligini ta’minlash va ijtimoiy himoya tizimlarini takomillashtirish: maqsad va vazifalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi mas’ullari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanini kirish so‘zi bilan ochgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Eldor Tulyakov hozirgi kunda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish, bunda barqaror iqtisodiy o‘sish, yangicha ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yangi samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilab olinayotgani yuzasidan ma’lumot berdi.

Tadbir davomida vazirlik va idoralar vakillari takomillashayotgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasidagi tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha belgilanayotgan vazifalar hamda ko‘rsatkichlar haqida tushuntirish berdilar.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova tibbiyot sohasida yangi texnologiyalar hamda vositalarni joriy qilish orqali aholi salomatligini to‘liq ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar asnosida ushbu tizimda kelgusi besh yillik uchun belgilab olinayotgan chora-tadbirlar xususida gapirdi.

Xususan, davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga ajratiladigan mablag‘lar ulushini 2030 yilga qadar YAIMning 5 foiziga yetkazish, qandli diabet kasalligi bor bemorlarni davolash bilan 100 foiz qamrovini ta’minlash, respublikada gemodializ o‘rin joylari bilan bemorlarni to‘liq qamrab olish va o‘rtacha yashovchanligini 13 yildan oshirish, davolash muassasalariga poliklinika elektron yo‘llanmasi orqali borgan bemorlar ulushini 70 foizga yetkazish, barcha xavfli o‘sma aniqlangan bemorlarni davolash bilan 100 foiz qamrab olinishini ta’minlash, tibbiyot sohasida 20 ta sun’iy intellekt loyihasini ishga tushirish vazifalarini tahlil qilib berdi.

Shu bilan birga, Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Bekzod Rahmonov sohada bajarilayotgan chora-tadbirlar, aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, takomillashayotgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha tizim xodimlarini 100 foiz malakasini oshirish bilan qamrab olish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning inklyuziv ta’limga qamrov darajasini 15 foizga oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalanishga jalb etilgan xotin-qizlar sonini har yili 100 ming (jami 500 ming) nafarga oshirish, mahallalarda 3 840 ta xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish kabi nazarda tutilgan ko‘rsatkichlar o‘zining o‘z natijasini berishini kasb etishini tushuntirib o‘tdilar.

Tadbir davomida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi mas’ullari ham mamlakatimizda xotin-qizlar va keksalarimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hayot sifatini oshirish, shuningdek, ijtimoiy jihatdan har tomonlama yordam ko‘rsatish borasida tizimli va samarali olib borilayotgan ishlar haaqida ma’lumot berdi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida belgilanayotgan manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, tibbiy va psixologik ko‘mak berish, bandlikni ta’minlash hamda keksalarning faol hayot tarzini qo‘llab-quvvatlashga doir masalalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar batafsil javob berishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati