• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
YANGILANAYOTGAN “O‘ZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASI LOYIHASIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH ISLOHOTLARINING YANGI YONDASHUVI
179 | 27 Yan. 2026 y.

Doniyorxodjayeva Nilufar
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Ijrochi direktor o‘rinbosari

So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash O‘zbekiston davlat siyosatida markaziy masalalardan biriga aylandi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan loyihasi esa bu sohadagi yondashuvlar bosqichma-bosqich takomillashayotganini ko‘rsatadi. Mazkur hujjatni umumiy mantiqiy tizim sifatida tahlil qilganda, yangi tahrirda korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarini aniqlashtirish va chuqurlashtirish haqida ketayotgani ko‘rinadi.

Yangilangan strategiya loyihasida korrupsiyaga qarshi kurash davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bilan uzviy bog‘langan vazifa sifatida qaraladi. Xususan, Transparency International tomonidan e’lon qilinadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekistonning kamida 20 pog‘onaga o‘sishi maqsad qilib belgilangan. Bu ko‘rsatkich xalqaro baholash vositasi sifatida saqlab qolingan bo‘lsa-da, u endilikda mustaqil maqsad emas, balki davlat ichida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasini aks ettiruvchi indikator sifatida talqin qilinadi. Shu orqali e’tibor reytingning o‘ziga emas, balki uni shakllantiradigan institutsional omillarga qaratilmoqda.

Shu ma’noda, davlat xaridlari sohasiga oid normalar yangi loyihada sezilarli darajada aniqlashtirilgan. Xarid ma’lumotlarini ochiq formatda joylashtirish ulushini bosqichma-bosqich 100 foizga yetkazish, raqobatsiz usullarda amalga oshirilgan xaridlar ulushini 20 foizdan oshirmaslik kabi talablar korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan amaliy mexanizmlar sifatida belgilangan. Bu yondashuv davlat mablag‘larini sarflash jarayonida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish uchun institutsional shart-sharoit yaratishga qaratilgan.

Qonunchilik sohasida ham aniq va tizimli yondashuv kuzatiladi. Yangilangan strategiya loyihasiga muvofiq, barcha normativ-huquqiy hujjatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi majburiy talab sifatida belgilab qo‘yilgan. Bu korrupsiyaning faqat oqibatlariga emas, balki uning huquqiy asoslariga ta’sir ko‘rsatish imkonini beradi hamda qaror qabul qilish jarayonlarida subyektivlik xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, hujjatda korrupsiya davlat boshqaruvi jarayonlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf sifatida qaraladi va uni kamaytirish uchun aynan shu jarayonlarni tartibga solishga urg‘u beriladi. Bu holat korrupsiyaga qarshi kurashni faqat jazo yoki nazorat doirasida emas, balki boshqaruv sifatini oshirish vazifasi sifatida ko‘rishga olib keladi.

Albatta, ushbu yondashuvlar ijtimoiy samarani avtomatik ravishda ta’minlaydi, deb aytish erta. Biroq strategiyada belgilangan mexanizmlar to‘liq va izchil amalga oshirilgan taqdirda, davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligi oshishi, qaror qabul qilish jarayonlarining prognoz qilinadigan bo‘lishi va ishonch muhitining shakllanishi uchun mustahkam asos yaratilishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi korrupsiyaga qarshi kurashda belgilangan yo‘nalishlarni yanada aniq, o‘lchanadigan va institutsional jihatdan mustahkam shaklga keltirishga qaratilgan. Endi e’tibor asosan hujjatda belgilangan maqsad va indikatorlarning qabul qilinishiga emas, balki ularning amaliyotda qanday qo‘llanilishi va qay darajada izchil ijro etilishiga qaratilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, mazkur strategiya korrupsiyaga qarshi kurashish  islohotlarini tizimli davlat siyosatiga bosqichma-bosqich o‘tkazishga qaratilgan muhim qadam sifatida qaralishi mumkin.


0
Похожие новости