• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
YANGILANAYOTGAN “O‘ZBЕKISTON–2030” STRATЕGIYASI: BARQAROR IQTISODIY O‘SISHNI TA’MINLASH MAQSADIDA QANDAY ISHLAR BЕLGILANMOQDA?
102 | 28 Yan. 2026 y.

Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bo‘lim boshlig‘i

 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan tizimli islohotlar mamlakat iqtisodiyotini barqaror o‘sish trayektoriyasiga olib chiqdi. Tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar 43,1 milliard dollarga, eksport hajmi 33,4 milliard dollarga, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollarga yetdi. Ishsizlik 4,9 foizgacha, kambag‘allik darajasi esa 5,8 foizgacha qisqardi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiy siyosatining izchilligi va islohotlarning samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.

Biroq jahonda kechayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro bozorlardagi beqarorlik, geoiqtisodiy xatarlar, texnologik inqilob va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlari O‘zbekistondan ham yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Shu bois “O‘zbekiston–2030” strategiyasini yangilash, uni real sharoit va uzoq muddatli maqsadlarga moslashtirish dolzarb vazifaga aylandi.

Yangilanayotgan strategiya miqdoriy emas, balki sifat jihatdan yangicha qarashni nazarda tutmoqda. Mazkur strategiyaning iqtisodiy yo‘nalishi doirasida iqtisodiyotning tarkibiy o‘zgarishi, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish va aholi daromadlarining barqaror o‘sishi ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda. Asosiy maqsad — 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini kamida ikki baravar oshirish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlarni 5800 dollarga chiqarish hamda O‘zbekistonni “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiritishdan iborat.

Avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash strategik vazifa sifatida belgilangan. 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish, inflyatsiya darajasini 5–6 foiz atrofida barqarorlashtirish, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini YAIMga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik hamda davlat qarzini 50 foizdan yuqori bo‘lmagan darajada ushlab turish rejalashtirilgan. Bu choralar iqtisodiyotning tashqi shoklarga chidamliligini oshirib, ijtimoiy dasturlar va infratuzilma loyihalarini uzluksiz moliyalashtirishga xizmat qiladi.

Ikkinchi muhim yo‘nalish soliq-budjet va moliyaviy boshqaruv tizimini isloh qilishga qaratilgan. Soliq tushumlarining YAIMdagi ulushini 19,2 foizgacha oshirish, soliq qarzdorligini undirish darajasini 97 foizga yetkazish va bojxona tushumlarining YAIMdagi ulushini 6,5 foizgacha ko‘tarish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, 52 ta vazirlik va idorani to‘liq “dasturiy budjetlashtirish” tizimiga o‘tkazish orqali davlat xarajatlarining samaradorligi oshiriladi, har bir budjet so‘mining aniq natija berishi ta’minlanadi.

Sanoatni rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish strategiyaning markaziy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2030 yilga qadar sanoatda texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2,5 baravar oshirish, sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 36,5 milliard dollardan 60 milliard dollarga yetkazish hamda 2,5 million yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 1 million donaga yetkazish, mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika sohalarini rivojlantirish orqali iqtisodiyotning yangi “drayver” tarmoqlari shakllantiriladi. Bu, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash va hududlarda iqtisodiy faollikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Investitsiya muhitini yaxshilash strategiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini yillik o‘rtacha 7 foizga oshirish, qimmatli qog‘ozlar bozorida erkin muomaladagi savdolar hajmini 8 milliard dollarga yetkazish va 40 ta davlat ishtirokidagi korxonalarni “Xalq IPO”siga chiqarish rejalashtirilgan. Bu orqali aholining investitsiya jarayonlarida ishtirok etishi kengayadi, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushi esa 85 foizgacha oshishi kutilmoqda.

Yangilangan strategiyada “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy quvvatini 25 ming MVtga yetkazish, ularning elektr energiyasi generatsiyasidagi ulushini 54 foizga chiqarish hamda issiqxona gazlari intensivligini 2010 yil darajasiga nisbatan 35 foizga qisqartirish belgilangan. Bu ekologik barqarorlik bilan birga, energiya xavfsizligi va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.

Islohotlarning samaradorligini ta’minlashda Farmon loyihasida nazarda tutilgan “maqsad – harakat – natija” tamoyili hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Barcha ko‘rsatkichlar raqamli platforma orqali doimiy monitoring qilinib, ular “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi. Bu davlat boshqaruvida shaxsiy javobgarlikni kuchaytiradi va islohotlarning amaliy natija berishini ta’minlaydi.

Xulosa qilib aytganda, yangilangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi faqat ulkan raqamlar yoki rejalar yig‘indisi emas. U har bir fuqaroning hayot sifati, barqaror ish o‘rinlari, daromadlar o‘sishi va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan kompleks dasturdir. Mazkur strategiya O‘zbekistonni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishda mustahkam poydevor vazifasini bajaradi.

 


1
Похожие новости