Toʻlqin Tursunov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi
Ochiq, pragmatik, chuqur oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosat natijasida Yangi Oʻzbekiston tinchlik va diplomatiyaning global markazlaridan biri sifatida oʻz mavqeyini izchil mustahkamlab bormoqda. Xususan, 2025-yil davomida 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, yaqin tarixda birinchi marta qator davlatlar rahbarlarining Oʻzbekistonga tashriflari tashkil etildi. “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi koʻp tomonlama muloqotlar samarali tus oldi.
Keyingi yillarda 11 davlat bilan strategik sheriklik oʻrnatilib, ularning soni 19 taga yetdi, Qozogʻiston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi[1].
Uning geografiyasini yanada kengaytirish tashqi siyosatning muhim yoʻnalishi boʻldi. MDH, Yevropa va Osiyodagi anʼanaviy sheriklar bilan bir qatorda Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlari bilan aloqalar faollashdi. 2017-yildan buyon xorijda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonalari ochildi, ularning umumiy soni 60 taga, diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida taʼkidlanishicha, “soʻnggi paytlarda mamlakatimiz global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda. Xususan, bu yil Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi, YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va Xalqaro iqlim forumiga mezbonlik qildi” [2].
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni rivojlantirishning oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan yoʻnalishlarini belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjatdir. Unda islohotlarning umumiy mantigʻi, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning ustuvor maqsadlari va amaliy mexanizmlari jamlangan. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, davlat boshqaruvi, inson huquqlarini taʼminlash va fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash borasida salmoqli natijalarga erishildi. Shu bilan birga, ijtimoiy hayot va global jarayonlar doimiy dinamikaga ega. Yangi iqtisodiy sharoitlar, xalqaro maydondagi texnologik oʻzgarishlar va transformatsiyalar davlat siyosati oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi[3] qabul qilindi, unda oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan maqsadlarning samaradorlik koʻrsatkichlari yangilandi. Ushbu hujjatda xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil amalga oshirish maqsadida quyidagi yangi vazifa va chaqiriqlar, muhim global oʻzgarishlar nazarda tutilgan. Xususan, Strategiyada Oʻzbekiston fuqarolari vizasiz kirishi mumkin boʻlgan davlatlar sonini 50 taga, soddalashtirilgan tartibda esa 60 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, xorijdagi mehnat migrantlari ulushida rasmiy va manzilli mehnat migratsiyasi ulushining 15 foizdan koʻproqqa oshishi.
Yangi Oʻzbekistonning diplomatik strategiyasi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ajralmas qismi sifatida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiyalar, xorijiy sayyohlarni jalb qilish, eksport salohiyatini kengaytirish uchun qulay tashqi sharoitlarni shakllantirish, shuningdek, gumanitar va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Ochiqlik, teng huquqli sheriklik, oʻzaro hurmat, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va xalqaro huquq normalariga qatʼiy rioya qilish tamoyillari doimo tashqi siyosiy yoʻlning asosini tashkil etgan.
Inson huquqlarini diplomatik va konsullik himoyasi zamonaviy dunyoda muhim va dolzarb mavzu hisoblanadi. U diplomatik, konsullik va yuridik mexanizmlardan foydalangan holda xalqaro miqyosda inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlashga qaratilgan. Xalqaro munosabatlar va davlatlarning oʻzaro hamkorligi butun dunyoda inson huquqlarining hurmat qilinishiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Chegaralardan tashqarida inson huquqlarining buzilishiga qarshi kurashish boshqa mamlakatlarda adolatni taʼminlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratishni talab qiladi.
Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi yigʻilishidagi ishtiroki ham muhim voqea boʻldi. Davlatimiz rahbarining bosh xalqaro minbardagi nutqi mamlakatimizning koʻp tomonlamalik, tinch muloqot va dolzarb global muammolarga birgalikda yechim topish tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
2025-yilda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan mamlakatning barqaror rivojlanish, mintaqaviy xavfsizlik va gumanitar hamkorlik sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiruvchi toʻrtta rezolyutsiya qabul qilindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston BMTning qator nufuzli organlariga saylangani xalqaro hamjamiyatning unga boʻlgan ishonchi ortib borayotganidan dalolatdir.
Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi YEI bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini koʻrsatdi. Hujjat siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot va raqamlashtirish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi, shuningdek, yevropalik hamkorlar tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga berilgan yuqori bahoning ifodasi boʻldi.
Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani hayotga toʻliq tatbiq etish, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka izchil implementatsiya qilish va davlat organlarining huquqni qoʻllash faoliyatiga bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash hamda ularni jamiyat va har bir fuqaro hayotida keng tatbiq etish markaziy oʻrin egallamoqda.
2023-yil aprel oyida ilk bor umumxalq referendumida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi tasdiqlandi, unda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, inson qadr-qimmatini himoya qilish asosiy tamoyil etib belgilandi[4]. Yangi Konstitutsiyada Oʻzbekistonning suveren, huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat sifatidagi ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi. Inson huquqlariga oid konstitutsiyaviy normalar soni 3 barobardan ziyod koʻpaydi va 50 dan ortiq moddani tashkil etmoqda. Konstitutsiyada inson huquqlari, soʻz va vijdon erkinligi, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning tengligi prinsiplariga sodiqlik oʻz tasdigʻini topgan. Oʻzbekistonning yangi Konstitutsiyasida Miranda qoidalari, Xabeas korpus, Pro bone, yaʼni bepul yuridik yordam kabi butun dunyoda tan olingan huquqshunoslik institutlari mustahkamlab qoʻyildi.
Bundan tashqari, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmning huquqiy asoslarini shakllantirish, majburiy va bolalar mehnatiga barham berish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xalqaro organlarning tavsiyalariga koʻra, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning vakolatlarini kuchaytirish boʻyicha qonun hujjatlari qabul qilindi. “Ombudsman plyus” modeli asosida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizm yaratildi. Shuningdek, Bolalar ombudsmani, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz va Biznes-ombudsman ham jazoni ijro etish muassasalarida monitoring oʻtkazish vakolatiga ega.
Oʻtgan qisqa davrda BMTning inson huquqlari boʻyicha tuzilmalari bilan hamkorlikda sezilarli yutuqlarga erishildi. Oʻzbekistonning Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi sifatidagi faol harakati, Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar va inson huquqlari masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachilar bilan yaqin hamkorligi bunga yaqqol misoldir. Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Yoshlar va bolalar huquqlari toʻgʻrisidagi qator rezolyutsiyalari qabul qilindi, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda qator xalqaro forumlar, xususan, Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi, Yoshlar huquqlari boʻyicha Global forum oʻtkazildi.
Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini chet elda himoya qilishning eʼtirof etilgan shakllaridan biri diplomatik va konsullik himoyasidir. Davlat fuqarolarining chet elda diplomatik yoki konsullik himoyasi huquqiga ega boʻlib, bu huquq uning suverenitetidan kelib chiqadi. Davlat tomonidan diplomatik himoyani amalga oshirish xalqaro huquq tamoyillariga muvofiq uning tashqi aloqalar diplomatik organlari (TIV) orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-moddasi oʻz fuqarolariga chet elda himoyalanish va homiylik qilishni kafolatlaydi. Ushbu moddada nazarda tutilgan kafolatlar davlatning oʻz fuqarolariga ularning huquqlari chet elda buzilgan taqdirda koʻmaklashish va yordam koʻrsatish majburiyatlarini oʻz ichiga oladi. Oʻzbekiston fuqarolari qayerda boʻlishlaridan qatʼi nazar, oʻz davlati tomonidan konsullik va diplomatik himoyalanish huquqiga egadirlar. Bundan tashqari, davlat xalqaro huquq normalariga muvofiq xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.
2025-yil davomida konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:
162 376 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari koʻrsatildi;
15 215 nafar yurtdoshlarimizga xorijda ishga joylashishda koʻmaklashildi;
Qiyin moddiy ahvolga tushib qolgan 4 085 nafar fuqaroga jami 746 500 AQSH dollari miqdorida yordam koʻrsatildi;
xorijiy davlatlarning vaqtincha saqlash muassasalarida boʻlgan 2 ming nafar fuqaro ozod qilindi;
ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan, jumladan, voyaga yetmagan, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, odam savdosidan jabrlangan 250 nafar fuqaro Vatanga qaytarildi.
Bundan tashqari, yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 154 181 ta murojaat qabul qilinib, ularning aksariyati belgilangan tartibda koʻrib chiqildi va amaliy yechimini topdi. Ushbu koʻrsatkichlar Oʻzbekistonning ochiqlik, qulaylik va eng muhimi, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tamoyillariga asoslangan konsullik siyosati izchil amalga oshirilayotganini yaqqol koʻrsatadi.
2025-yil yakunlari Oʻzbekistonning tashqi siyosiy yoʻli haqiqatan ham “natija diplomatiyasi”ga aylanganidan dalolat beradi. Amaliy yutuqlarga ustuvorlik berish mamlakatga yangi yilga katta umidlar va aniq harakatlar rejasi bilan kirish imkonini berdi.
2026-yil rasman belgilangan KPI, institutsional islohotlar va tashqi siyosatning iqtisodiyotdagi va fuqarolarni himoya qilishdagi rolini kuchaytirish orqali diplomatiya mexanizmlarini tizimli ravishda sozlashga bagʻishlanadi.
Shunday qilib, ishonch bilan taʼkidlash mumkinki, Oʻzbekiston tashqi siyosati yuksak darajadagi yetuklik, izchillik va natijadorlikni namoyon etdi. Bu davrda mamlakatning tashqi siyosati nafaqat faollik va izchillik, balki aniq siyosiy natijalar, keng xalqaro eʼtirof va global ishonch bilan namoyon boʻldi. Mamlakat nafaqat xalqaro maydonda oʻz mavqeyini mustahkamladi, balki ichki rivojlanishga koʻmaklashish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va fuqarolarning turmush sifatini yaxshilash uchun diplomatik vositalardan ham foydalandi.
[1] Qarang: Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangicha tashkil qilish vazifalari belgilab olindi // https://president.uz/uz/lists/view/88611
[2] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi // https:// https://president.uz/uz/lists/view/8834
[3] Prezidentning 16.02.2026-yildagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-21-son Farmoni. // https://lex.uz/ru/docs/8050769
[4] Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Rasmiy nashr. /Oʻzbek va rus tillarida. – T.: “Adolat”, 2023.