• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ISTANBUL TIJORAT UNIVERSITETIDA QOʻSHMA TASHABBUSLAR VA HAMKORLIK ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillarining Istanbul shahriga amaliy tashrifi doirasida, 2021-yilda imzolangan o'zaro hamkorlik memorandumi hamda yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro aloqalar asosida Istanbul Tijorat universiteti rektori, professor doktor Nejip Shimshek va Markaz rahbari Eldor Tulyakov oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha atroflicha va mazmunli fikr almashish uchun muhim platforma vazifasini oʻtadi. Suhbat jarayonida akademik, tahliliy va institutsional aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, oʻzaro manfaatli va amaliy sheriklikni rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan batafsil mulohazalar bildirildi.

Xususan, taʼlim, ilmiy-tadqiqot faoliyati, ekspertlik muloqoti, jamoat boshqaruvi hamda islohotlar tahlili kabi yoʻnalishlarda qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari muhokama markazida boʻldi.

Shuningdek, universitetning mediastudiyasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda Oʻzbekiston–Turkiya strategik munosabatlarining bugungi surʼati va mazmuni haqida intervyu berdi. Markaz rahbari oʻz nutqida asosiy eʼtiborni mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va modernizatsiya jarayonlarining mazmun-mohiyati hamda ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilayotganining ahamiyatiga qaratdi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlar izchil ravishda mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy sheriklik, taʼlim, madaniyat, turizm va gumanitar sohalarda tobora yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-akademik doiralar va tahliliy markazlar oʻrtasidagi yaqin hamkorlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladigan muhim omillardan biri hisoblanadi.

Tomonlar ushbu uchrashuv kelgusidagi muloqotlar, aniq qoʻshma tashabbuslar hamda amaliy hamkorlik loyihalarini roʻyobga chiqarish uchun mustahkam zamin yaratishini alohida taʼkidladilar.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni akademik hamkorlik, institutsional muloqot va xalqlar oʻrtasidagi yaqin aloqalar orqali yanada rivojlantirish bundan buyon ham ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlardan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati