• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ISTANBUL SABAHATTIN ZAIM UNIVERSITETI BILAN HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillarining Istanbul shahriga amalga oshirgan tashrifi doirasida Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov Istanbul Sabahattin Zaim universiteti rektori, professor doktor Ismoil Kichik bilan uchrashdi.

Samimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan mazkur uchrashuvda tomonlar istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Suhbat davomida akademik, tahliliy va institutsional aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishning amaliy mexanizmlari yuzasidan mulohazalar bildirildi.

Tashrif doirasida oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Istanbul Sabahattin Zaim universiteti oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu muhim hujjat kelgusida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, institutsional muloqotni yanada chuqurlashtirish, oʻzaro munosabatlarni tizimli asosda rivojlantirish va umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam huquqiy va tashkiliy zamin yaratishi qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, bunday uchrashuvlar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi yaqin va ishonchli munosabatlarni taʼlim, ilm-fan, tahlil, ekspertlar muloqoti hamda insonlar oʻrtasidagi aloqalar orqali yanada boyitish va mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotgan bir paytda, oliy taʼlim muassasalari va tahliliy tuzilmalar oʻrtasidagi amaliy hamkorlik ushbu munosabatlarga yangi mazmun va qoʻshimcha surʼat bagʻishlaydi.

Shuningdek, hamkorlikning mazkur yangi bosqichi Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstona va strategik aloqalarni yanada rivojlantirishga munosib hissa qoʻshadi. Ayni paytda, ushbu memorandum ikki tomon uchun ham aniq natijalarga qaratilgan qoʻshma tashabbuslar, akademik almashinuvlar, tadqiqotlar va institutsional muloqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati